O‘zbekiston | 21:28 / 27.08.2022
25338
14 daqiqa o‘qiladi

Oshkora qotillik, poygakdagi xalq, imtihondan yiqilgan ta’lim - hafta dayjesti

Xotinini bo‘g‘gani jazosiz qolgan erkak keyin uni bo‘g‘izladi: kimdir o‘zi bilib iste’fo bermaydimi? Biri fuqaroni poygakda qabul qildi, ikkinchisi tergovga aralashgani aytilyapti: hokimlar saylanmasligi nahotki aniq? 550 ming abituriyent testda “1” baho oldi: ta’limga bundan ortiq baho bormi? Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Zulmga toqatli jamiyatimiz uchun odatiy hol. Faollarga esa yana bir dahshat

O‘zbekistonda xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoyalash tizimi eskirib, mutlaqo yaroqsiz holatga kelib, chidab bo‘lmas darajada chirib ketgan. Bu chirikning hidi anqimagan kunning o‘zi yo‘q. Ming afsus, bu qo‘lansa tizimning qurbonlari yana bittaga ortdi.

Chorshanba kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida 31 yoshli er 24 yoshli xotinini ayovsiz do‘pposladi. Erkakning kaltagidan qochgan ayol ko‘chada ko‘zi tushgan darvozaga o‘zini urgan, bog‘chaga kirib yashirinmoqchi bo‘lgan. Ortidan kirib kelgan eri bog‘cha bolalari ko‘z o‘ngida xotinini kaltaklab, bo‘ynidan bo‘g‘gan.

Videodan kadr

Shu kuni voqeadan keyin nima bo‘lgani hozircha aniqmas. Faqat bitta narsa aniq: kuppa-kunduzi sodir etgan jinoyatidan keyin erkakka jin ham urmagan!

Bundan ham ayanchlisi bir necha soatdan keyin ro‘y bergan. Er qaynotasining uyiga eshikdan oshib tushib kirgan, xotini yotgan xonaga kirib uning bo‘yniga pichoq tortgan. Ayol o‘lgan, erkak qamoqqa olingan.

Foto: Bosh prokuratura matbuot xizmati

Voqea bo‘yicha birinchi navbatdagi javobgar – Ichki ishlar vazirligi sukut saqlayapti. Qotil xotinini hayvondek bo‘g‘ib kaltaklaganidan keyinoq nega shu zahoti qamoqqa olinmagan? Profilaktika inspektorlarining vazifasi jinoyatlarni profilaktika qilishmi yoki jinoyatlar statistikasi oshib ketmasligi uchun hamma narsani yopdi-yopdi qilishmi? Prokuratura bu voqeada ichki ishlar xodimlarining harakatlarini ham albatta tekshirishi kerak.

Umuman, er-xotinga odobnoma darsini o‘tish, zo‘rma-zo‘raki yarashtirib qo‘yish, faqat jabrlanuvchi ariza bersagina ish qo‘zg‘atish kabi hech qachon ishlamagan prinsiplar bilan zo‘ravonlikka qarshi kurashib bo‘lmasligi ming marta isbotlandi. Yana qancha isbot kerak?

Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla va hokazolar bilan natijaga erisholmadik, bundan keyin ham erisholmaymiz. Ularning o‘rniga juda katta vakolatlarga ega, mustaqil, professional, yagona ijtimoiy himoya organi tuzilishi shart. Uning rahbariyatiga esa byurokrat chol-kampirlarni mutlaqo yaqinlashtirmaslik kerak.

Oddiy fuqaroning o‘rni poygakdami?

Foto: Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati

Hafta davomida shov-shuv bo‘lgan voqealardan yana biri Andijon tumani hokimining sayyor qabullari bo‘ldi. Abdujabbor Egamberdiyev tuman fuqarolarini ayvonchaning to‘rida o‘tirganicha qabul qildi, fuqarolarga esa poygakdan joy berildi.

Internet foydalanuvchilari bu holatni o‘rta asrlardagi xonliklar davriga qiyosladi. Ayrimlar prezident amaldorlarni xalqqa yaqin bo‘lishga chaqirayotganini eslatdi. Yana boshqalar esa buni hokimlar saylanmaganining yana bitta oqibati deyapti.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, hokimlar saylovi masalasi yaqin orada uzil-kesil yopilishi mumkin. Agar Konstitutsiyaning 21-bobiga taklif etilgan o‘zgarishlar qabul qilinsa, hokimlar saylovi bo‘lmaydi. Faqat, ularning mahalliy kengashlarga raislik qilishiga barham beriladi. Kengashlarga boshqa raislar saylanadi.

Bu yerda muhim jihat shundaki, kengash raisligi uchun alohida saylov o‘tkazilmasligi mumkin. Ya’ni raislarni keng saylovlar orqali emas, kengash deputatlari orasidan saylash taklif etilyapti. Bu esa amalda ko‘p narsa o‘zgarishsiz qoladi degani.

Andijonga qaytsak. Saylanmagan hokimning bu zaylda qabul o‘tkazishi davlat xizmatchilarining etikasiga qanchalik to‘g‘ri kelishi haqida yuqori turuvchi biror tashkilotdan sado chiqmadi. Hokimning matbuot kotibi esa qabul vaqtida ijtimoiy masofa saqlanganini da’vo qildi. Lekin, koronavirus davri allaqachon ortda qolganini inobatga olsak, hokimning yo‘rig‘i ijtimoiy masofa saqlash emas, ijtimoiy mavqeni saqlashga o‘xshab qolgan.

Ta’lim sifatini o‘rganish uchun tadqiqot ham shartmas: 550 ming abituriyent testdan “1” baho bilan chiqdi

Foto: Kun.uz

Bakalavriatga qabul imtihonlari o‘tgan hafta yakunlangan edi. Test sinovlarida 1 mln 73 ming abituriyent qatnashdi. Ularning bor-yo‘g‘i o‘ndan biri o‘qishga kiradi.

Talabgorlar soniga nisbatan kvotalarning judayam kamligi bitta muammo bo‘lsa, ikkinchi muammo – oliygohda o‘qishga munosib yoshlarning kamligi. Gap shundaki, bu yil testlarda qatnashgan abituriyentlarning 51 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi hatto minimum o‘tish ballini ham yig‘olmagan.

Minimum o‘tish balli – maksimal ballning 30 foizi degani. Buni akademik reyting tizimiga qiyoslasak, maksimal 189 balldan 56,7 ballni ham yig‘olmaslik – “1” baho degani. Ya’ni imtihonlarda abituriyentlarning yarmidan ko‘pi va ularga qo‘shib O‘zbekistondagi ta’lim tizimi hatto “2” baho ham ololgani yo‘q.

Yaqin yillarda 11-sinf bitiruvchilaridan yakuniy attestatsiya olish Davlat test markaziga o‘tkaziladi. Agar sinovlar avgust imtihonlaridek shaffof bo‘lsa, maktab bitiruvchilarining katta qismi davlat attestatini qanday qilib oladi, ochig‘i hayronmiz.

ShHT sammitiga tayyorgarlik avjida

Samarqand tumanidagi xalqaro turizm markazi / Foto: Kun.uz

Maktablarga doir yana bir yangilik. Samarqand shahridagi barcha maktablarda darslar 5 sentabr emas, 20 sentabrdan boshlanishi ehtimoli bor. Ungacha darslar 2 hafta davomida onlayn o‘tib turilishi mumkin.

Sababi – keyingi oy shaharda Shanhay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Shu tufayli Samarqanddagi oliygohlarda ham o‘qish sentabr oyining oxirida boshlanadi.

Sammit 15-16 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi va unda ko‘plab davlatlar rahbarlari jam bo‘ladi. Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, mehmonlar qatorida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham bo‘ladi. U Samarqandda Suriya prezidenti Bashar Asad bilan uchrashishi haqida chet el nashrlarida tarqalgan xabarlar rasman rad etildi.

Seshanba kuni sammitga tayyorgarlik doirasida Samarqand shahridagi xalqaro turizm markazi ochildi. Markaz “Boqiy shahar” ansambli, Kongress holl, mehmonxonalar, restoranlar, hunarmandlar ustaxonalari, amfiteatr va boshqa obektlarini o‘z ichiga olgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yer kelgusida butun Samarqandning “tashrif qog‘oziga aylanishi”ni aytdi.

Prezidentga yangi maslahatchi, Qoraqalpog‘istonga yangi rahbar

Shavkat Mirziyoyev va Amanbay Orinbayev / Foto: Prezident matbuot xizmati

Hafta davomida yuqori doiralarda uchta muhim lavozim o‘zgarishi ro‘y berdi. Sardor Umrzoqov rahbar bo‘lgan Prezident administratsiyasida o‘zgarishlar davom etyapti. Administratsiyaning Nazorat inspeksiyasiga yangi boshliq tayinlandi. Bu lavozimni Hisob palatasi raisi o‘rinbosari Saidlaziz Saidkarimov egalladi. Unga prezident topshiriqlari, qaror va farmonlari ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirish asosiy vazifa qilib qo‘yildi.

Ko‘p o‘tmay prezidentning ijtimoiy sohalarga mas’ul maslahatchisi ham almashtirildi. 66 yoshga to‘layotgan Abdujabbor Abduvohidov bu lavozimni 4 yildan beri egallab kelayotgan edi. Yig‘ilishda aynan u kuratorlik qilayotgan ta’lim va tibbiyot sohalari bo‘yicha aholida juda ko‘p noroziliklar borligi aytilgan.

Abduvohidovning o‘rniga Transport universiteti rektori Odil Abdurahmonov tayinlandi. U administratsiyada avval ham bir necha yil ishlagan, bir muddat oldin Abdujabbor Abduvohidovning o‘rinbosari bo‘lgan.

Bu tayinlovlarning ertasiga prezident Nukusga bordi va Qoraqalpog‘istonga yangi rahbar saylandi. Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimida salkam 2 yil ishlagan Murat Kamalov 1-2 iyul voqealaridan ikki oy o‘tib ishdan olindi. Yig‘ilishda prezident Qoraqalpog‘iston rahbariyatini hududga ajratilayotgan katta-katta mablag‘larni samarasiz ishlatishda aybladi. Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, 2 oy oldingi voqealarga aholining ayrim muammolariga yechim topilmagani ham sabab bo‘lgan.

“Bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar xalqni rozi qilish degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan”, dedi prezident.

Jo‘qorg‘i Kenges raisligi Qoraqalpog‘istonning sobiq ichki ishlar vaziri Amanbay Orinbayevga topshirildi. Shu bilan birga, hudud aholisi uchun imtiyozlarning yangi paketi e’lon qilindi. Kambag‘allarga 600 ming so‘mdan pul tarqatiladi, qoraqalpog‘istonlik yoshlarga oliygohda o‘qishi uchun alohida 6,5 mingta kvota ajratiladi, Qoraqalpog‘iston hududida foyda solig‘i, aylanmadan soliq, mulk-mulk va yer soliqlari 2 barobarga kamaytiriladi.

To‘ra Bobolov va prokuror voqeasining davomi

Foto: Kun.uz

Kadr o‘zgarishlarining navbatdagisi Surxondaryoda bo‘lishi mumkin. Shu hafta viloyat hokimi To‘ra Bobolovning yana bir audiosi tarqatildi. Unda hokim mutasaddilardan majburiy obunani tashkil etishni talab qilgani eshitiladi.

Hokimning matbuot xizmati bunga javoban obuna masalasida go‘yoki hammasi qonun doirasida bo‘layotganini iddao qilib, “pashshadan fil yasamaslik”ka chaqirdi. Hech kim o‘qimaydigan mahalliy gazetalarga majburiy obuna – alohida mavzu, lekin bu audioda ham prokurorga qarata aytilgan gaplarning vaznini aslo pashshaga qiyoslab bo‘lmaydi.

Bobolov Angor prokurori Sirojiddin Ramazonovni tomoshabin bo‘lib turganlikda ayblab, shu ketishda “u bolani tomoshabin qilib tashlashi”ni aytgan. O‘tgan haftadagi audioda, eslatib o‘tamiz, viloyat hokimi Ramazonovni bo‘ralatib so‘kkani ma’lum bo‘lgandi. Keyinroq u korrupsioner sinfdoshini prokurordan himoya qilgan bo‘lishi mumkinligi oydinlashdi.

Bosh prokuratura audio bo‘yicha tekshiruv natijalarini hozircha ochiqlamadi. Bir paytlar Shuhrat G‘aniyevni tartibga chaqirgan va uni “o‘tinib-o‘tinib” uzr so‘rashga majburlay olgan Senatning etika qo‘mitasi bu safar sukut saqlayapti.

“Bo‘ldi endi” — hokim va prokurorlar endi rasman yerni olib qo‘yolmaydi

Foto: Kun.uz

Hokimlar mavzusidagi yana bir yangilik. Adliya vazirligi tashabbusi bilan qabul qilingan farmonga binoan, yer berish vakolatidan ayrilgan hokimlarning yerni olib qo‘yish huquqi ham bekor qilindi. Bundan tashqari, endi prokurorlar ham mulkiy huquqlarni protest orqali o‘zlari bekor qildira olmaydi. Bundan buyon mulkdan mahrum etish va uni xatlash bilan bog‘liq barcha qarorlarni faqat sudlar hal qiladi.

Bu yangilik haqida hafta boshida Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotida ham aytgan edi. “Bo‘ldi endi, bir hokim keladi, ikkinchisi uning qarorini bekor qiladi. Bu nima degan gap?” – dedi prezident.

Bu tadbirda 2023 yildan boshlab QQS stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirilishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, korxonalar toifalarga ajratilib, soliq yengilliklari beriladigan bo‘ldi. Tadbirkorlarga nisbatan yangi javobgarlik kiritishga 3 yil moratoriy e’lon qilinib, soliq tekshiruvlari bilan bog‘liq jazolar yengillashtiriladi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Foto: Kun.uz

Afg‘onistonning 24 nafar fuqarosi chegarani buzib, O‘zbekistonga o‘tdi. Ular Surxondaryodagi Payg‘ambar orolida o‘zbek chegarachilariga qarshilik ko‘rsatgan. Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, afg‘onlardan 2 kishi halok bo‘lgan, 6 kishi yaralangan. Ular O‘zbekistonning chegara hududida ko‘p o‘sadigan qizilmiya o‘simligi ildizini olib ketmoqchi bo‘lgani aytilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni mamlakat mustaqilligining 31 yilligi bilan tabrikladi. Davlat rahbari o‘zaro munosabatlar bundan keyin ham rivojlanib borishiga ishonch bildirib, do‘st ukrain xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Biror hafta yo‘qki, tarixiy obidalarga zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lmagan bo‘lsa. Bu safar navbat Qashqadaryodagi Kunjutlitepa yodgorligiga yetdi. Yodgorlik to‘liq buzilib, undan chiqqan tuproq sotib yuborilgan. Jinoyatchi qamoqqa olindi.

Samarqandlik 17 yoshli o‘smir Telegram'da soxta aksiya o‘tkazib, 28 kishining bank kartasidagi pullarni yechib oldi. Narpaylik yigit o‘z “qurbonlari”ga ular go‘yoki “Samsung A-72” telefonini yutib olganini aytib, karta ma’lumotlari va telefoniga kelgan SMS'dagi kodni so‘ragan. Yana bir bor ogohlantiramiz, sizni nima deb avrashlaridan qat’i nazar, SMS bo‘lib kelgan maxfiy raqamlarni hech kimga ayta ko‘rmang. Shu oddiygina qoidaga rioya qilmagan minglab odamlarning plastigi “qovoqqa aylanib qolyapti”.

Mavzuga oid