Davlat test markazi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil bakalavriatga qabulda o‘tgan yilgidan 180 ming nafar ko‘p abituriyent ishtirok etgan. 2021 yil 892 710 nafar abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ular bu yil 1 073 821 nafarni tashkil qilgan.

Test topshiruvchilarning soni oshgan, lekin ularning bilimi haqida bunday deb bo‘lmaydi.

Maksimal va minimal ballar

2022 yilgi tartibga ko‘ra, abituriyentlar majburiy 3ta fan: ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan 10 tadan test yechib, jami 30ta testdan maksimal 33 ball yig‘ishlari mumkin edi.

Tanlangan yo‘nalishga mos 2 ta fan bo‘yicha esa quyidagicha:

  • 1-fan – 30 ta savol, har biri uchun 3,1 balldan, maksimal ball – 93 ball
  • 2-fan – 30 ta savol, har biri uchun 2,1 balldan, maksimal ball – 63 ball.

Shunda jami fanlarni qo‘shganda abituriyent maksimal 189 ball (33+93+63) olishi mumkin bo‘ladi. Bu raqamning:

  • 36 foizi, ya’ni 68,0 – davlat granti asosida o‘qishga qabul uchun minimal o‘tish balli,
  • 30 foizi, ya’ni 56,7 – to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul uchun minimal o‘tish balli deb belgilangan.

Bu yilgi natijalar

Davlat test markazi ma’lumotlari

DTM ma’lumotiga ko‘ra, bu yil 550 102 nafar abituriyent, ya’ni jami abituriyentlarning yarmidan ko‘pi – 51,2 foizi o‘tish ballini yig‘olmagan.

O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 36 foiz bo‘lgan. Foizlar oshishiga bu yil abituriyentlar soni o‘tgan yilgidan 180 mingga ko‘proqligi, majburiy blokdagi oson savollarga beriladigan ballar kamaytirilib, mutaxassislik faniga ko‘proq ball berilgani ham sabab bo‘lgan.

Yuqori va past natija qayd etgan hududlar

Jadvalga ko‘ra, eng past o‘tish ballini ham yig‘olmagan abituriyentlarning eng ko‘p qismi Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda 101 239 nafar abituriyent testga kirgan bo‘lsa, ularning 56 587 nafari, ya’ni 55,9 foizi o‘tish ballini yig‘olmagan.