O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlari bir-biridan ajratiladi.

Bu borada 99-, 100- va 101-moddalarga o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra:

  • Hududdagi ijroiya hokimiyatiga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi.
  • Xalq deputatlari kengashiga uning deputatlari orasidan qonunga muvofiq saylanadigan rais boshchilik qiladi.
  • Kengashlar va hokimlar faoliyatini tashkil etish qonun bilan tartibga solinadi.
  • Kengashlarning vakolat muddati – 5 yil.

Loyihada mahalliy kengash raisini kim saylashi masalasi qisman ochiq qolgan. Ya’ni raisni kengash deputatlari o‘zaro ichki ovoz berish orqali saylaydimi yoki mahalliy deputatlik saylovlari vaqtida kengash raisi ham xalq tomonidan saylanadimi – bu masalaga yetarlicha aniqlik kiritilmagan.

“Xalq deputatlari kengashlari deputatlarining saylovi tartibi qonunda belgilanadi”, degan band kiritilgan qonun loyihasiga. Bundan kelib chiqadiki, mahalliy kengash raisini kim saylashi (deputatlarmi yoki bevosita aholi) masalasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri Konstitutsiyada emas, tegishli qonunda to‘la oydinlik kiritiladi.

Ayni paytda bosh qomusning 117-moddasiga ham tuzatish kiritib, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylov o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kiritilishi kutilmoqda. MSK vakolatlari doirasida “kengash raisi saylovi” degan tushuncha yo‘q.

Konstitutsiyada mahalliy kyengashlarning vakolatlarini quyidagicha belgilash taklif etilyapti:

  • hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasini va uni qurish qoidalarini hokimning taqdimiga binoan tasdiqlash;
  • tegishli mahalliy budjetlarni hokimlarning taqdimiga binoan ko‘rib chiqish va qabul qilish, ushbu budjetlarning ijro etilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash;
  • mahalliy soliqlar stavkalarini va boshqa majburiy to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida belgilash;
  • budjetdan tashqari jamg‘armalarni shakllantirish;
  • hokimni va uning o‘rinbosarlarini lavozimga tasdiqlash, ularning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;