Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada “o‘taketgan vahshiylik” va yana yangi boj - hafta dayjesti
Ichki ishlar xodimlari yana bir ayolni tahqirladi: pastkashlik ham shunchalik bo‘ladimi? Monopoliya va yap-yangi boj: “Yuksalish” takliflari va iqtisodchilar nolasini eshitadigan mas’ul bormi? Bog‘chalarda yana zaharlanish: o‘tgan oydagisi saboq bo‘lmaganmidi? Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim voqealari – Kun.uz dayjestida.
Farg‘onada nimalar bo‘lyapti?
Rasmiylar tilida “tizimga tasodifan kelib qolgan”, “nopok” deb ta’riflanadigan ayrim ichki ishlar xodimlarining har turli qonunbuzarliklari shu paytgacha juda ko‘p kuzatilgan. Lekin ular orasidan bir necha yil oldin Kattaqo‘rg‘on shahrida, endi esa Furqat tumanida ro‘y bergan holatlarni shunchaki “nopoklik” deb ta’riflab bo‘lmaydi: bu – uchiga chiqqan pastkashlik va tizim uchun isnoddan boshqa narsa emas.
Bu safargi jinoyat Kattaqo‘rg‘ondagidan ham dahshatliroq: ayol sha’nini qasddan bulg‘ashdek jirkanch ishda bir emas, ikki emas, o‘nga yaqin ichki ishlar xodimlari ishtirok etgani aytilyapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan Gulira’no Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, u erini davolatish uchun qarz so‘rab, Furqat tumani soliq idorasi boshlig‘ining uyiga borgan payti, uyga ichki ishlar xodimlari bostirib kirgan va ularni kaltaklab, yechintirib, videoga ola boshlashgan. Maqsad – soliq boshlig‘i go‘yoki bir ayolni jinsiy aloqaga majburlagani haqida soxta dalil tayyorlash bo‘lgan.
“Ichki ishlarning 10 nafar xodimi qatnashdi: ular 1-2 daqiqa ichida bizni yechintirib tashlashdi. Keyin go‘yoki bizni ushlab olgandek qilib, haligi ssenariy boshlandi. Sohib tizzasi bilan qornimga tepdi, 15-20 sekund nafas ololmay qoldim. Keyin Yusuf videoga olib turibdi, Sohib aytyapti: “Kameraga qarab, soliqni boshlig‘i meni majburlab, urib, jinsiy munosabatda bo‘ldi deb aytib berasan”. Men nega unaqa narsani talab qilayotganiga hayronman. Unaqa demayman deb, bosh tortdim. Keyin urishda davom etishdi. Tohir sochimdan sudrab kameraga qaratib beryapti, Yusuf videoga olib turibdi, Sohib esa uryapti”, – deydi Gulira’no Qosimova.
Ayol nega bunday bo‘lganini keyinroq tushunadi: u tuman IIB boshlig‘i Akmal Xo‘jayev tomonidan shaxsiy adovat sababli soliq boshlig‘iga qarshi uyushtirilgan fitna operatsiyasining qurboniga aylangan edi. Lekin bu vaziyatda Qosimovaning jasurligi organ mansabdorlariga qimmatga tushadi. Uning arizasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Akmal Xo‘jayev ishdan olingan. Bugun podpolkovnik Xo‘jayev hamon lavozimida o‘tirgan birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov bilan birga, sudning qora kursisida o‘tiribdi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 6 ta moddasi bilan ayblov e’lon qilingan.
Birinchi sud majlisi 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri sudyaning taqiqi sababli majlisni audio va videoga yozib ololmadi. Ayni paytda, sudlanuvchilar soni atigi 2 nafar ekani jabrlanuvchini ham, jamoatchilikni ham hayratga solyapti. Boshliqlarining har qanaqa topshirig‘ini bajarishga tayyor xodimlar jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Nega degan savolga hozircha biror idora javob bergani yo‘q.
Qosimovaning so‘zlariga ko‘ra, sudlanayotgan ikki amaldor garov evaziga ozodlikda yuribdi. Ulardan biri ayolga arizasini qaytarib olishi uchun 50 ming dollar taklif qilgan. Ayol rad javobini bergach, “bog‘chaga boradigan, maktabga qatnaydigan bolalaringga ehtiyot bo‘l” degan mazmundagi tahdidlarga uchragan. U o‘z sha’nini sudda himoya qilish uchun ko‘plab dalillari borligini aytyapti.
Voqea Kun.uz'da yoritilgach, vaziyatga Senat va Ombudsman aralashdi. Farg‘ona viloyati IIBB esa qisqagina bayonot e’lon qilib, xulosa chiqarishdan oldin sud hukmini kutishga chaqirdi. “Qonunlarimizda yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik borligini ham unutmang”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shu o‘rinda, hodisaga respublika darajasidagi mas’ullarning reaksiyasini 2018 yildagi Kattaqo‘rg‘on voqeasi bilan taqqoslash mumkin. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda San’at Umarov ismli ichki ishlar tezkor xodimi bir ayolni qip-yalang‘och qilib yechintirib, uni videoga olgan, bu holat OAVda yoyilib, juda katta rezonansga sabab bo‘lgandi. Lekin u paytlarda ochiqlik va so‘z erkinligi borasidagi muhit boshqacharoq edi shekilli, “sud hukmini kutinglar, yolg‘on tarqatganni jazolaymiz” deganga o‘xshash gaplarni hech kim aytmagandi. Yangilik tarqalishi bilan Bosh prokuratura “bu kishini g‘azablantiruvchi holat” deb bayonot bergan, ishni bosh prokurorning shaxsan o‘zi nazoratga olgandi. IIVning munosabatida ham inson sha’nini tahqirlab bo‘lmasligi alohida urg‘ulangan va ro‘y bergan voqea “juda achinarli” ekani tan olingan edi.
Oradan 7 yil o‘tib, xuddi shunga o‘xshash, lekin undan ham battar voqeaga na Bosh prokuratura, na Ichki ishlar vazirligi rasmiy bayonot berishni lozim ko‘rgani yo‘q.
Shu bilan birga, IIVdan jamoatchilik qarshisida umuman reaksiya bo‘lmadi deb bo‘lmaydi: vazirning maslahatchisi, tizimni o‘z vaqtida salkam 15 yil boshqargan general Zokirjon Almatov ro‘y bergan voqeani “o‘taketgan vahshiylik” deb atadi.
“Bu o‘taketgan vahshiylik. U rahbar qaysidir yo‘llar bilan amalga o‘tirib qolgan, deb o‘ylayman. Qanday sharoitda bo‘lsa ham, ichki ishlar idorasi xodimi o‘zini ushlashni bilishi kerak. Biz bunday o‘zidan ketib qolgan rahbarlarni aslo kechirmaymiz”, – dedi Almatov.
Zaharlanish endi Jizzax bog‘chalarida
Toshkent viloyati bog‘chalarida kuzatilgan ommaviy zaharlanishdan 2 hafta o‘tib, endi Jizzax viloyatida ham o‘nlab bog‘cha bolalari zaharlandi. Forish tumani hokimligi xabariga ko‘ra, tumandagi to‘rtta davlat bog‘chasiga boradigan 37 nafar tarbiyalanuvchi isitma, ko‘ngil aynishi va holsizlik shikoyatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Ularga o‘tkir diareya tashxisi qo‘yilib, statsionar davolanishga olingan. Ularning holidan xabar olgan Bolalar ombudsmani 10 oktyabr holatiga 4 nafar bola shifokorlar kuzatuvida qolayotganini ma’lum qildi, ularning ahvoli qoniqarli. Prokuratura mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Ayni paytda, Toshkent viloyati bog‘chalaridagi zaharlanish ishi doirasida qamoqqa olinganlar soni 11 kishiga yetgan. Bu haqda ma’lum qilgan viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning so‘zlaridan, zaharlangan bolalar soni 1922 nafar ekani anglashiladi. “Bizlarni o‘shanda Xudo asradi. Agar vaqtida 5-6 milliardlik dori-darmonlar bormaganda, bilmayman nima bo‘lardi”, dedi viloyat rahbari.
Zoyir Mirzayev viloyat deputatlari qarshisidagi chiqishida ro‘y bergan holat uchun “autsorsing tizimi qonun oldida javob berishi”ni aytdi. Hokimning fikricha, Sanepidqo‘mitaning viloyatdagi mas’ullari ham ishdan olinishi kerak. Ayni paytda, qamoqqa olingan 11 kishi orasida davlat xizmatchilari, xususan SES xodimlari ham bor-yo‘qligi noma’lumligicha qolyapti.
Eslatib o‘tamiz, ketma-ket ikkita ommaviy zaharlanishlar ro‘y berishidan oldin, Kun.uz bog‘chalardagi autsorsing tizimi haqida surishtiruvlar e’lon qilgan, lekin bu surishtiruvlarda ko‘tarilgan masalalar ochiqligicha qolib ketgan edi.
Konstitutsiya: Soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi kerak
Apple kompaniyasi iPhone 17'ni sotuvga chiqargani ortidan, o‘zbek jamiyati yana bojlar mavzusi kun tartibiga chiqdi. Gap shundaki, bu smartfonning 999 dollarlik eng arzon bittagina versiyasini aytmaganda, qolgan hech qaysi versiyasini O‘zbekistonga boj to‘lamasdan olib kirib bo‘lmaydi. Telefonni sotish uchun emas, o‘zingiz uchun olib kirayotgan bo‘lsangiz ham, farqi yo‘q, boj to‘lashga majbursiz. Chunki, shu yil 1 maydan boshlab, vataniga samolyotda qaytayotgan o‘zbekistonliklar o‘zi bilan bojsiz tovar olib kirishi limiti 2000 dollardan 1000 dollarga kamaytirib qo‘yilgan.
Tarmoqlardagi qizg‘in muhokamalar fonida, Bojxona qo‘mitasi notijorat maqsadida iPhone 17 olib kirishdagi to‘lovlar haqida ma’lumot berdi. Shu ma’lumotlarga asoslangan Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, misol uchun Dubaydan qaytayotgan paytda o‘zingiz bilan 512 GB xotiraga ega iPhone 17 Pro Max smartfonini olib qaytayotgan bo‘lsangiz, sizni O‘zbekistonda yoqimsiz ovoragarchiliklar va quyidagi uchta xarajat kutayotgan bo‘ladi: limitdan oshiqcha qiymat uchun otning kallasidek – naq 30 foizlik boj, bojxona yig‘imi va ikkita SIM-kartani IMEI'dan o‘tkazish to‘lovi. Bu uchala to‘lovning yig‘indisi naq 2,5 mln so‘mdan oshib ketadi.
Tarmoqlarda mavzu muhokamalari qizg‘in davom etarkan, “Yuksalish” umummilliy harakati dadil bayonot bilan chiqdi. Bayonotda bojsiz normaning pasaytirilgani tanqid qilingan, bojlar monopoliya xavfini keltirib chiqarayotgani aytilgan. Deputat Bobur Bekmurov rahbarligidagi harakat faollari bunga yechim sifatida qator takliflarni ilgari surmoqda. Bu takliflarga ko‘ra, har qanaqa bojlar, limitlar va stavkalarni belgilash vakolatini parlamentga berish, 30 foizlik bojni pasaytirish, ichki bozorda raqobat kuchsiz bo‘lgan tovarlar uchun importni yengillashtirish, 1-2 ta shaxsiy qurilmalar uchun UzIMEI to‘lovini bekor qilish kerak.
Umummilliy harakat bojlar belgilash vakolatini hukumatdan olib qo‘yishga chaqirganidan ikki kun o‘tib, hukumat yana yangi boj kiritishni o‘ylayotgani oydinlashdi. Bu safar importga emas, eksportga boj qo‘yish haqida gap ketyapti. Ma’lum bo‘lishicha, korxonalarni qo‘shilgan qiymat yaratishga rag‘batlantirish degan vaj bilan, mis sim eksportiga boj kiritilishi kutilmoqda. Bu yangilikdan keyin ko‘zga ko‘ringan iqtisodchilar yana savdoga to‘siqlar xalqni kambag‘allashtirishi haqida yozib chiqishdi. Ularning gapi inobatga olinadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 63-moddasiga ko‘ra, soliqlar va yig‘imlar adolatli bo‘lishi kerak. 93-moddaga binoan esa, soliqlar va boshqa majburiy yig‘imlarni joriy qilish vakolati parlamentga berilgan.
Mubashshir Ahmadga 2,5 yil berildi
Yilning eng shov-shuvli sud jarayonlaridan biri yakuniga yetdi. Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Mubashshir Ahmad 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 8 oktyabr kuni Uchtepa tuman sudi uni Jinoyat kodeksining uchta moddasi: milliy-etnik adovat qo‘zg‘atish, jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tarqatish va diniy mazmundagi materiallarni tarqatish tartibini buzishda aybli deb topdi.
Hukmga ko‘ra, 2 yil-u 6 oylik jazo muddati umumiy tartibli koloniyada o‘taladi va 2025 yil 11 maydan boshlab hisoblanadi. Ulamoga tegishli ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar o‘chirilishi yoki bloklanishi belgilandi. Sudya Bobur Rahimov hukmga izoh berarkan, yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, tegishli moddalarning sanksiyasida ko‘rsatilganidan ham kamroq muddatlar belgilaganini aytdi. Avvalgi sud majlisida prokuror 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini so‘ragandi.
Mubashshir Ahmad hukm e’lon qilinishidan oldin suddagi so‘nggi so‘zida diniy materiallarni Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsatisiz tarqatganini yana bir bor tasdiqladi va buni jismonan O‘zbekiston hududida bo‘lmagani bilan izohladi. Qolgan moddalar bo‘yicha ayblovlarni esa rad etdi. “Odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda, adolat bilan hukm qiling”, – deya suddagi so‘nggi nutqini oyat bilan yakunladi Mubashshir Ahmad. Himoya tomoni hukm ustidan apellyatsiya berilishi yoki berilmasligiga hozircha aniqlik kiritmadi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Fabio Kannavaro futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi sifatida ish boshladi. Timur Kapadze hozircha unga yordamlashib turadi, muayyan vaqtdan keyin jamoani tark etadi. Tayinlovdan keyingi matbuot anjumanida Kannavaro o‘zini “hujumkor futbol tarafdori” deb tanishtirdi; Kuvayt bilan Toshkentdagi o‘rtoqlik o‘yinidan keyin esa, futbolchilardan biroz agressiv bo‘lishni so‘raganini aytdi. O‘FA yangi murabbiyning maoshini ochiqlamadi, vitse-prezident Ravshan Ermatov bu miqdor mish-mishlarda aytilgan 4 mln yevroning “yarmining yarmi ham emas”ligini bildirdi. Hafta davomida, shuningdek, O‘FA yana bir katta xarajatga tushdi: Osiyo futbol konfederatsiyasi Qatar bilan o‘yindagi reglament buzilishlari sabab, O‘FAni 340 ming dollar jarimaga tortdi.
Oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya uchun 4000 dollardan oshdi. Bu – yil boshidagi narxlardan 1,5 barobarga yuqori. Bunchalik baland narx – O‘zbekistonning davlat budjeti, xalqaro zaxiralari va umuman iqtisodiyoti uchun milliardlab dollarlik qo‘shimcha tushumlar demakdir. Xususan, 1 oktyabr holatiga xalqaro zaxiralar qiymati yangi rekord – 55 mlrd dollarga yetgan. Bloomberg xabariga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati kelgusi 5 yil ichida oltin ishlab chiqarishni 30 foizga oshirmoqchi. Ma’lumot uchun, NKMK o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlari bo‘yicha dunyodagi to‘rtinchi eng yirik oltin ishlab chiqaruvchi kompaniya bo‘lib turibdi.
Jizzaxda AES qurilishi boshlandi. Hozirgi bosqichda kotlovan qazish ishlari olib borilmoqda. Buni bajarish subpudratchi Enter Engineering'ga topshirilgan bo‘lib, xarajatlar to‘liq davlat budjetidan moliyalashtirilmoqda. Ayni paytda, bo‘lajak AESda ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxi qimmatlashgan bo‘lishi mumkin. Chunki avvalroq, 330 MWlik stansiya narxi 2 mlrd dollarga yetmasligi aytilgan edi. Endi esa, loyiha quvvati 110 MW bo‘lishiga kelishilgan bir paytda, uning qiymati 1 mlrd dollardan kam bo‘lishi aytilmoqda. Ya’ni yaratilajak quvvat 3 barobarga pasayganiga qaramay, qurilish narxi bor-yo‘g‘i 2 barobarga kamayishi mumkin. Bu nomutanosiblik AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxini oshiradi.
Boysundagi ko‘mir tarqatish punktida talato‘p yuzaga keldi. Kun.uz'ga kelib tushgan videoda ko‘plab odamlar poyezd vagonlaridan to‘kilgan ko‘mirni qopga solib olish uchun shoshilgani, ko‘p o‘tmay hammayoqni ko‘mirning qora changi tutib ketganini ko‘rish mumkin. Murojaatchiga ko‘ra, qish oldidan ko‘mir yetkazishda kechikish ro‘y bergani uchun ham shunday talato‘p yuzaga kelgan. “Aslida mas’ullar bu ishlarni oldinroq, yoz oylarida qilishi kerak edi. O‘tgan yili shunday holatda ko‘mir talashib, bir-birini ketmon bilan urganlar ham bo‘lgan”, – deydi Kun.uz suhbatlashgan surxondaryolik vatandosh. Hafta davomida, shuningdek, O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik ko‘mir koni – aynan Boysunda joylashgan Sharg‘un konini xususiylashtirish bo‘yicha savdo jarayoni boshlandi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Mavzuga oid
10:40 / 04.12.2025
Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi
08:48 / 01.12.2025
Endi bog‘cha tarbiyachilari va psixologlar ham kasbiy sertifikatdan o‘tadi
09:00 / 30.11.2025
Ishlab ketgan qonunlar va to‘xtamayotgan daraxtkushlik - hafta dayjesti
11:33 / 29.11.2025