O‘zbekiston | 09:00 / 30.11.2025
9140
14 daqiqa o‘qiladi

Ishlab ketgan qonunlar va to‘xtamayotgan daraxtkushlik - hafta dayjesti

Toshkentda ekologik safarbarlik: “yuqoridan” buyruq bo‘lishi bilan qonunlar ishlab ketdi. Daraxtlar qirg‘ini esa davom etyapti: Farg‘onada yuzta, Samarqandda mingta daraxt kesib tashlandi. Xorijdan qaytishdagi bojsiz limit oshadi: shaxsiy ehtiyoj uchun iPhone yoki maishiy texnika olib kelishdagi cheklovlar kamayishi kutilmoqda. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Havo ifloslanishiga qarshi maxsus komissiya

Toshkentda havo ifloslanishi bilan bog‘liq ekologik inqirozning joriy mavsumdagi uchinchi haftasiga kelib, mavjud muammoga nisbatan davlatning javob choralari safarbarlik tusini oldi. Dushanba kuni Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva huzurida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi va shu kuni “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident farmoni imzolandi.

Farmonga asosan, prezident maslahatchisi – Ekologiya qo‘mitasi raisi – Ekopolitsiya boshlig‘i Aziz Abduhakimov raisligida respublika maxsus komissiyasi tuzilib, unga katta vakolatlar berildi. Shundan keyin poytaxt havosining ifloslanishiga qarshi reydlar keskin kuchaytirildi: gazdan uzilib shina yoqayotgan issiqxonalar, filtr o‘rnatmagan sanoat korxonalari, hammayoqni changitayotgan qurilish kompaniyalari, usti ochiq holatda qurilish materiallarini tashiyotgan yuk mashinalari – reydlar nishoniga aylandi.

Safarbarlik shu darajaga yetdiki, dudburonsiz shashlik pishirayotgan kafelar, ko‘chada (jamoat joyida) sigaret chekib turgan odamlar ham javobgarlikdan chetda qolmadi.

Qizig‘i, o‘tgan bir hafta ichida birorta ham yangi qonun qabul qilingani yo‘q, faqatgina mavjud qonunlar ko‘proq ishlay boshladi xolos. Atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha normalar qonunchilikda shu paytgacha ham bor edi, lekin “yuqoridan” topshiriq bo‘lmaguncha, ular aksariyat holatlarda oppoq qog‘ozdagi bejirim yuridik matnligicha qolayotgan edi. “Chang-gaz filtri? Nima u?” deb so‘raydigan korxonalar, “qurilish bo‘lgandan keyin changiydi-da” deydigan quruvchilar oxirgi 1-2 hafta ichida ehtimol umrida birinchi marta Qonun oldidagi majburiyatlari bilan yuzlashtirildi. Tsivilizatsiyadan yiroq, madaniyatdan bexabar yovvoyi bir shakldagi qurilishlarga o‘rganib qolgan shaharliklar esa bunday manzaradan hayron: nahotki! Odamga o‘xshab qurilish qilsa ham bo‘larkan-ku!

Ekologiya qo‘mitasiga ko‘ra, nazorat tadbirlari davomida tekshirilgan 96 ta obektdan naq 60 tasida changga qarshi majburiy talablar bajarilmayotgani aniqlangan. Natijada 70 kishi javobgarlikka tortilib, 15 ta obektda qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Issiqxonalar masalasiga kelsak, ularga nihoyat gaz ta’minoti tiklandi. Energetika vazirligining chorshanba kungi bayonotida aytilishicha, poytaxt va uning atrofidagi 68 ta issiqxonaga gaz yetkazib berish boshlangan, yana 100 ta issiqxona issiqlik ta’minotiga ulangan. Ayni paytda, yangi ishlab chiqilayotgan qonun loyihasi bilan, shina, mazut yoki bitum yoqqan kichik issiqxonalar uchun jarimani oshirish, yirik issiqxonalar uchun esa jinoiy javobgarlik kiritish, bunday jinoyatlarda qozonxonani davlat foydasiga musodara qilish ko‘zda tutilyapti. Shu bilan birga, 2-3 yil oldin issiqxonalarni yoppasiga gazdan uzish xato qaror bo‘lganini rasmiylar ochiq tan olishgani yo‘q. Bu qaror keltirgan ulkan zararlar uchun mas’uliyat masalasi ham kun tartibida emas.

Hafta davomida changga qarshi safarbarlik sudlarda ham aks-sado berdi. Oliy sud xabariga ko‘ra, “Maxam-Chirchiq” zavodida o‘tkazilgan tekshirishda 10 dan ortiq kamchiliklar aniqlangan: havo va suv ortiqcha ifloslantirilgan, kimyoviy moddalarni saqlash tartibi buzilgan, kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘lanmagan. Natijada tuman sudining qarori bilan, “Maxam-Chirchiq” faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

Sanoat korxonalari haqida gap ketganda, prezident farmonida belgilangan muhim yangilik bor. Unga ko‘ra, atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifalarga mansub barcha korxonalar havo sifatini monitoring qiluvchi stansiya o‘rnatib, 1 martgacha bu stansiyalarni Ekologiya qo‘mitasi bazasiga integratsiya qilishi shart. Bu degani – respublika bo‘ylab sement zavodlaridan tortib teri-ko‘nchilik sexlarigacha havoni qanchalik bulg‘ayotganini ekologiya organi real vaqt rejimida ko‘rib tura oladi. Berilgan muhlat ichida yangi talabni bajarmagan zavodlar uchun kompensatsiya to‘lovlari 5 baravarga oshiriladi.

Farmondagi muhim yangiliklardan yana biri – maishiy havo tozalagichlar uchun 20 foizlik bojning bekor qilinishi bo‘ldi. Avvalroq xabar berganimizdek, O‘zbekistonda bu mahsulotlarga talab keskin oshib ketgan. Natijada oxirgi haftalarda ko‘plab do‘konlarda havo tozalagichlarni topib bo‘lmay qoldi, defitsit sabab narxlar karrasiga oshib ketdi. Afsuski, bojdan ozod etilgan mahsulotlar ro‘yxatiga negadir havo namlantirgichlar kiritilmagan. Bundan tashqari, Ai-80 benzini taqiqlanayotgan bir paytda, elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imini bekor qilish yoki hech bo‘lmasa bir yil oldingi darajaga qaytarish masalasi ham farmondan o‘rin olmagan.

Daraxtlar ayovsiz kesilishda davom etyapti

Ekologik vaziyat necha haftadan beri butun O‘zbekiston muhokama qilayotgan birinchi raqamli mavzu bo‘lib turgan bir paytda, bu masala ayrim amaldorlarning parvoyiga ham kelmayotgani achinarli. Ularning “sharofati” bilan hatto hozirgidek kritik vaziyatda ham daraxt kesishlar to‘xtovsiz davom etyapti. Hafta davomida Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida navbatdagi daraxtkushlik holatlari qayd etildi.

Farg‘onaning Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari qonunlarga tupurgani o‘z yo‘liga, lekin siyosiy kun tartibidan bexabarligi hayratlanarli. Voqea videosidan ko‘rish mumkinki, Saidali Xizirov noqonuniy daraxt kesilishini to‘xtatishga urinayotgan ekologiya inspektoriga qarshilik qilib, unga kuch ishlatishgacha borgan. Hozirgi safarbarlik sharoitida, hokim o‘rinbosari bu qilshimi uchun shu zahotiyoq ishdan olinib, ustidan jinoyat ishi ochildi. Bosh prokuratura bayonotiga ko‘ra, jinoyat ishi tergovini shaxsan bosh prokurorning o‘zi nazoratga olgan. Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, bu holatda quruvchi kompaniya aholi qarshiligiga qaramay zovurni ko‘mib tashlab, o‘rniga qurilish qilish uchun 100 tupga yaqin daraxtni kesib tashlagan.

Samarqanddagi daraxtkushlik ko‘lami bundan o‘n barobar katta. Bulung‘ur tumanida Oqtepa kanali bo‘ylarini betonlashtirish davomida mingga yaqin (!) daraxt kesib tashlangani aytilyapti. Achinarlisi, qirg‘in qilingan daraxtlarning katta qismi ko‘p yillik, katta daraxtlar bo‘lgan. Bu holatda mas’ullar daraxtlarning bir qismini aholining o‘ziga kestirishgan: kanal bo‘yida yashovchilarga bu ishlar go‘yoki “prezident qarori asosida” bo‘layotgani, odamlar kesgan daraxtlarini o‘zlarida saqlab qolishlari mumkinligi, lekin yarim pulini irrigatsiya boshqarmasiga berishi kerakligi aytilgan. Ayni paytda moratoriyga zid bu kesilishlar to‘xtatilib, tekshiruv boshlangan.

Ekologik vaziyatni o‘nglash bo‘yicha hozirgi kuchaytirilgan tartib bir necha hafta oldin Toshkentda ro‘y bergan daraxtlar qirg‘ini bo‘yicha olib borilayotgan tergovga ham taalluqli bo‘lsa, zarar qilmasdi. Eslatib o‘tamiz, Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi 174 ta archa noqonuniy kesib tashlangani yuzasidan jinoyat ishida buyurtmachilar bir chetda qolib, shunchaki topshiriqni bajargan obodonlashtirish xodimlari javobgarlikka tortilayotgani – ikki haftagina oldin muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Chet eldan kelayotganlar uchun boj yuki kamayadimi?

Chet eldan qaytayotgan vatandoshlar o‘zi bilan iPhone olib kelayotgani uchun boj to‘lashga majbur bo‘layotgani haqidagi muhokamalar yodingizdami? Hozircha “kelajak xabarlari” ruknida bo‘lsa-da, bu muammo borasida xushxabar bor. Seshanba kuni imzolangan, byurokratiyani qisqartirishga qaratilgan prezident farmoniga asosan, O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun tovar olib kirishdagi limitlar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Farmonga ko‘ra, 2026 yil mart oyigacha tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqiladi va unda jismoniy shaxslar o‘z shaxsiy ehtiyoji uchun notijorat maqsadda respublikaga olib kiradigan tovarlar uchun bojsiz normalarni “aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda” oshirish naarda tutiladi.

Yodingizda bo‘lsa, bu normalar joriy yilning 1 mayidan boshlab keskin kamaytirilgan edi. Xususan, samolyotda keluvchilar uchun limit 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezdda keluvchilar uchun 1000 dollardan 500 dollarga tushirilgan edi. Davlat chegarasini avtomobilda yoki piyoda kesib o‘tayotganlar esa 300 dollardan ortiq qiymatdagi tovarni bojsiz olib kirolmaydi. Qolaversa, 2-3 kunga xorijga chiqqanlar uchun bojsiz limit umuman nolga teng qilib qo‘yilgan. Bundan tashqari, ayrim tovarlarni olib o‘tishning minimal miqdor normalari ham amal qilishda davom etmoqda. Bu normalar 2018 yilda kiritilgan bo‘lib, unga asosan Qirg‘iziston yo Qozog‘istondan kelayotgan vatandoshlar o‘zi bilan ayni bir turdagi maishiy texnikani 6 oyda faqat 1 marta bojsiz olib o‘tishi mumkin. Bu cheklovdan kimlar manfaatdor ekani esa hech kimga sir emas.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Shaxmatchi Javohir Sindorov Jahon kubogi g‘olibi bo‘ldi. U finalda Xitoy vakili Vey Yini tay-breykning ikkinchi partiyasida, qora donalarda o‘ynaganiga qaramay mag‘lub etdi va Jahon kubogini qo‘lga kiritgan tarixdagi eng yosh grossmeysterga aylandi. Prezident Mirziyoyev 19 yashar Javohirni “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlab, unga 3 xonali xonadon sovg‘a qildi. Murabbiylariga esa pul mukofotlari topshirildi. Shuningdek, Sindorovning o‘zi chempionlik bilan birga, FIDE'ning 120 ming dollar pul mukofotini ham qo‘lga kiritdi.

Furqat tumani ichki ishlar bo‘limi rahbarlarining shov-shuvli jinoyati bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulov 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hukmga ko‘ra, ular oldindan til biriktirgan holda fuqarolarning turar joy daxlsizligini buzgan, mansab vakolatidan chetga chiqqan, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirgan, fuqarolarni qonunga xilof ravishda ushlab turgan va inson qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlarni oshkor qilgan, deb topildi. Ularning maktab direktori va soliq idorasi boshlig‘i sha’niga qilgan tajovuzi O‘zbekistonda yilning eng rezonansli va sharmandali jinoyatlari qatorini to‘ldiradigan bo‘ldi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayollarning tandirda non yopmay qo‘yganini tanqid qildi. Uning iddaosiga ko‘ra, ayollar tandirda non yopmay qo‘ygani sababli onkologik kasalliklar ko‘paygan emish. “Tandirda non yopgan ayolda rak kasali bo‘lmaydi”, dedi u. Chunki, hokimning tushuntirishicha, tandir oldida organizm qiziydi, natijada qon aylanishi tezlashib, tomirlarni tozalanar ekan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani hokimi Anvar Normamatov odamlar tappi qilmay qo‘yganidan yozg‘irgan edi.

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralari eng ko‘p cho‘zilayotgan davlatlardan biri – Rossiya bo‘lib qolmoqda. Bosh muzokarachi Azizbek Urunov bu hafta RF bilan muzokaralar “deyarli yakunlangani”, “faqat bir nechta texnik bandlar” qolganini ma’lum qildi. Urunovga ko‘ra, endi faqat Xitoy Taypeyi bilan muzokaralarni yakunlash qoldi xolos. Shu tariqa, mart oyiga borib, O‘zbekiston vanihoyat Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishi maqsadi reallikka yaqinlashyapti. Shu bilan birga, qator iqtisodchilar tashkilotga a’zo bo‘lgan bilan, iqtisodiyotning erkinlashishi, monopoliyalarning yo‘qolishi va raqobat kuchayishi borasida katta umidlarga berilmaslikka chaqiryapti.

Odamlardan soliq qarzini undirishda elektr energiyasining billing tizimi vosita bo‘ladi. Shanba kuni e’lon qilingan farmonga ko‘ra, mol-mulk yoki yer solig‘i bo‘yicha qarzi 1 mln so‘mdan oshgan jismoniy shaxslardan qarzdorlikni undirishda elektr energiyasining billing tizimi mexanizmidan foydalaniladi. Bunday tartib 1 yanvardan sinov tariqasida Namangan viloyatida boshlanadi, keyinroq boshqa hududlarda ham joriy etilishi mumkin. Mexanizmning aniq tafsilotlari hozircha ma’lum emas. Eslatib o‘tamiz, avvalroq chiqindidan qarzdorlarning svetga to‘lov qilish imkoniyatini cheklash yo‘lga qo‘yilgan edi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Dastur boshlovchisi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Mavzuga oid