Jahon | 11:23 / 04.05.2016
8021
3 daqiqa o‘qiladi

Press Emblem Campaign: 2016 yil boshidan buyon butun dunyo bo‘ylab 40 jurnalist o‘ldirildi

2016 yil davomida dunyoning 18ta mamlakatda jami 40 nafar jurnalist halok bo‘ldi. Bu haqda Press Emblem Campaign tashkiloti taqdim etgan hisobotga asosan «TASS» xabar qilmoqda.

"Jahon matbuoti erkinligi kunida Press Emblem Campaign tashkiloti ziddiyatlar davom etayotgan hududlarda faoliyat ko‘rsatuvchi jurnalistlarning xavfsizligini ta'minlash choralari kuchaytirilishiga chaqiradi", deyiladi tashkilot bayonotida.

Tashkilot bir oyga o‘rtacha 10 nafar jurnalist o‘limi to‘g‘ri kelganiga e'tibor qaratgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgisiga yaqin, 2015 yil davomida 31 ta mamlakatda jami 135 nafar jurnalist halok bo‘lgandi.

2016 yilgi hisobotga ko‘ra, qurbonlar soni eng ko‘p Afg‘onistonda bo‘lib, u yerda 8 nafar jurnalist halok bo‘lgan. Undan keyin Meksika va Yamanda ― 5, Iroq va Turkiyada 3, Suriya hamda Pokistonda 2 nafardan qurbon qayd etilgan.

Jurnalistlar uchun eng xavfli (xavflilikning beshinchi darajasi - qizil) hududlar Liviya, Somali, Suriya va Yaman hisoblanadi. To‘rtinchi darajali xavfli mamlakatlar (to‘q sariq) sirasiga Afg‘oniston, Eritreya, Honduras, Mali, Meksika va Pokiston kiradi. Uchinchi darajali (sariq) mamlakatlar qatorida esa Braziliya, Burundi, Markaziy Afrika respublikasi, Kongo Demokratik respublikasi, Gvatemala, Isroil, Filippin, Janubiy Sudan qayd etilgan.

Ozarbayjon, Ukraina, Bangladesh, Kolumbiya, Ekvador, Misr, Hindiston, Eron, Rossiya va Turkiya esa bu borada ikkinchi darajali (kulrang) mamlakatlar hisoblanishadi. Qolgan mamlakatlarda jurnalistlarning o‘ldirilishi hodisasi qayd etilmagan.

2004 yilda tashkil etilgan Press Emblem Campaign o‘zining statistikasini 2006 yilda yurita boshlagan bo‘lib, hozirga qadar dunyo bo‘ylab 1281 nafar matbuot xodimi, ya'ni yiliga o‘rtacha 118 kishi halok bo‘lganligini ta'kidlaydi. Shu bilan birga, so‘nggi to‘rt yil davomida o‘rtacha yillik ko‘rsatkich 134 kishiga ortganligi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid