Light | 14:45 / 30.06.2016
29808
3 daqiqa o‘qiladi

Ramazonning 5 xosiyati

Foto: 500px

Ramazon o‘ziga xos poklanish va ma'naviy o‘sish davridir. Muqaddas oyning inson uchun foydali tomonlari juda ko‘p. Quyida ulardan ba'zilarini e'tiboringizga havola qilamiz:

1. Intizom. Ramazon insonda tartib-intizom va sabr-toqat xislatlarini tarbiyalaydi. Kishilar aynan muqaddas oy sabab Yaratganning g‘azabini keltiradigan nomaqbul ishlardan o‘zlarini tiyishadi va shu tariqa intizomni tarbiyalashadi. O‘z vaqtida iftorlik qilish, taroveh namozini o‘qish, Qur'on tilovat qilish - bularning barchasi Ramazonning tartib qoidalaridir. Kunduzi ishlaydiganlar uchun intizom yanada muhim, chunki ular o‘z vaqtini Ramazon qoidalaridan kelib chiqish rejalashtirishiga to‘g‘ri keladi. 

2. Itoat etish. Ramazon – bu Olloh hayotimizdagi maqsadga yetishishimiz uchun imkon beradigan muqaddas oy. Alloh Unga itoat etishni buyuradi. Namoz o‘qish, ro‘za tutish, Qur'on tilovat qilish, duo, Allohni yodga olish va bu ishlarda sobitlikni namoyon qilish - bu oydagi asosiy maqsad hisoblanadi. 

3. Birlik. Ramazonda musulmonlar ro‘za tutayotgan hamda muhtoj kishilarga taom ulashishsa, ularga qo‘shimcha savob yoziladi. Ramazonda - musulmonlarning birlashuv ruhi, ko‘pchilik bo‘lib iftor qilish, taroveh namozlari va jamoaviy ibodatlar, umumiy bayram shukuhi - bularning barchasida musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbat, birdamlik va xotirjamlik o‘z ifodasini topadi. 

4. Qur'onga munosabat. Ramazon - Qur'onga bag‘ishlangan oy, zero aynan shu muqaddas oyda ilohiy vahiy nozil bo‘lgan. Shu bois Qur'on bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish kerak - uni o‘qish, oyatlarining mag‘zini chaqish. Bundan tashqari imkon doirasida muqaddas kitobdagi suralarni yodlashga harakat qilish lozim. 

5. Mujohada (insonning o‘z kamchiliklari va nafsi bilan kurashi). Ramazon insonning o‘zi bilan o‘zi kurashadigan oydir. Bu diqqatimiz butkul Allohga qaratilgan davr.  Tutadigan ro‘zalarimiz - U uchun. Biz bu oyda Alloh uchun uyqu va boshqa huzurlardan voz kechamiz. Zero, barcha qurbonliklar uchun Yaratgan ko‘plab mukofotlar va'da qilgan. 

Mavzuga oid