Ruanda poytaxti Kigali shahrida Afrika Ittifoqiga a'zo mamlakat  rahbarlarining 27-sammiti yakunlandi. Ikki kun davom etgan sammitda 50dan ortiq mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Anjumanda mintaqaviy integratsiya va xavfsizlik masalalari muhokama qilindi. Yakshanba kuni sammitning birinchi ish kunida Afrika rahbarlariga birinchi Afrika elektron pasporti berildi. Muxbirlarning xabar qilishicha, birinchi elektron pasport ayni damda Afrika Ittifoqiga raislik qilayotgan Chad prezidenti Idris Debi va sammit o‘tayotgan Ruanda prezidenti Pol Kagamega topshirildi. Ulardan keyin Afrika Ittifoqiga a'zo bo‘lgan boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat rahbarlari, tashqi ishlar vazirlari va Afrika Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning vakillari ham shu kabi hujjatga ega bo‘ldilar. Yangi elektron pasportlarni Afrika Ittifoqi komissiyasining raisi Nkosazana Dlamini-Zuma topshirdi. 

Elektron pasportlarni joriy qilish Afrika Ittifoqining “2063 kun tartibi” deb nomlanmish katta rejasining bir qismi sanaladi. Mazkur global strategiya aholining farovonligi yo‘lida qit'a imkoniyatlarini ishga solishga qaratilgan. Tahlilchilarning fikricha, yaqin-yaqingacha umumafrika pasporti xomxayoldan boshqa narsa emas edi. Buning uchun yillar kerak, degan fikrlar mavjud edi. Biroq Kigali sammitida loyihani amalga oshirish yo‘lida ilk qadamlar qo‘yildi. Endilikda Afrika mamlakatlari elektron pasportlarni ommaviy tarzda foydalanishga qaratilgan protokollarni ratifikatsiya qilib, zarur qonunlarni qabul qilishlari kerak.

Yangi pasportlar muomalaga kiritilgudek bo‘lsa, 2020 yilga borib Afrika mamlakatlari o‘rtasida viza tartiblari bekor qilinadi. Integratsiya jarayonlari tezlashadi.

Tahlilchilarning fikricha, elektron pasportlarni joriy qilish orqali Afrika Iqtisodiy hamjamiyati tashkil etiladi va qit'alararo savdo-sotiq yanada faollashadi. Elektron pasportlar jahonda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan kuchli, gullab-yashnayotgan, birlashgan Afrika tashkil etilishiga hissa qo‘shadi. Shuni ta'kidlash kerakki, bugungi kunda Afrika mamlakatlari aholisi bir qator ma'muriy qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelgan. Afrika Ittifoqiga a'zo mamlakatlarning aholisi qit'adagi boshqa bir mamlakatga bormoqchi bo‘lsa, albatta, viza olishlari kerak.

Sammit kun tartibida, asosan, inson huquqlari, jumladan, xotin-qizlar huquqlari muhokama qilindi. Shuningdek, davlat va hukumat rahbarlari Janubiy Sudanda davom etayotgan qurolli mojaralar munosabati bilan mintaqadagi tinchlik va xavfsizlik masalalarini ham muhokama qildilar. Marokash podshohi Muhammad Oltinchi o‘z mamlakatini Afrika Ittifoqi saflariga qaytish niyatida ekanligini ma'lum qildi. Shuni ta'kidash kerakki, Marokash qit'adagi Afrika Ittifoqiga a'zo bo‘lmagan yagona mamlakat hisoblanardi. Bu mamlakat 1984 yilda G‘arbiy Sahroi Kabirning tashkilotga a'zo bo‘lib kirishiga norozilik belgisi sifatida Ittifoq safidan chiqib ketgan edi.