Jamiyat | 12:09 / 18.08.2016
15707
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar matematika bo‘yicha olimpiadaning 5ta oltin medalini qo‘lga kiritdi

13-14-avgust kunlari Singapurda matematika bo‘yicha xalqaro musobaqa (Singapore International Math Olympiad Challenge, SIMOC-2016) bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Jahon» AA xabar bergan.

Mazkur musobaqalarda dunyoning turli burchaklaridagi maktablarda tahsil oladigan 780 nafar yosh matematika bilimdonlari qatnashdi. Guruhlarga bo‘lingan saralash bosqichida ishtirokchilar rebus va matematikadan vazifalar yechishdi. Dastlabki saralashdan so‘ng o‘z bilimi darajasi bilan boshqalardan ajralib turadigan o‘quvchilar final bosqichida qatnashdi. Uning yakunlari bo‘yicha esa o‘quvchilarning yoshlariga qarab musobaqa g‘oliblari aniqlandi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning 5 nafar vakili SIMOC-2016 g‘oliblari qatoridan joy olib, oltin medal nishondori bo‘lishdi - Abdurahim Oripov, Muhammadamin Rahmonberdiyev, Abdulla G‘ayratullayev, Marina Ten va Vladislav Galperin - buyuk matematik bobokalonlariga munosib farzand ekanliklarini namoyon etishdi. Bundan tashqari, Al-Xorazmiy yurtining boshqa o‘quvchilari kumush, bronza va jamoaviy mukofotlarga ham sazovor bo‘lishgan.

G‘oliblarni taqdirlash marosimida Singapur Respublikasi kommunikatsiya va axborot vaziri Chi Xong Tat faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. U o‘zining tabrik nutqida ushbu olimpiadada o‘zbekistonlik yosh matematiklar faol qatnashganini qayd etar ekan, ular bundan ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘z navbatida, Singapur Xalqaro matematika musobaqalarini o‘tkazish markazining ijrochi direktori Genri Ong ham o‘zbekistonlik olimpiada ishtirokchilarining tayyorgarligiga yuqori baho berdi.

"Ushbu musobaqalarda o‘zbek o‘quvchilarining munosib qatnashgani va yuqori o‘rinlarni egallashgani O‘zbekistonda amal qilayotgan ta'lim tizimining samarador ekanligini yaqqol tasdiqlaydi. Mamlakatingiz bo‘ylab safarlarim chog‘ida bu sohaga qanchalik katta e'tibor qaratilayotganiga bevosita guvoh bo‘lganman. O‘zbekiston rahbariyatining bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlari o‘zining ijobiy natijalarini berayotganini ko‘rmoqdamiz. Ushbu muqaddas zamin farzandlari bundan keyin ham yuqori natijalarga erishishiga umid qilaman", degan u.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid