Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlar natijasida O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibidagi asosan paxta xomashyosi yetkazib beradigan, aholisining hayot darajasi eng qoloq respublikadan ko‘p qirrali iqtisodiyotga ega bo‘lgan zamonaviy davlatga aylandi. Xalqaro miqyosda keng e'tirof etilayotgan mamlakatimiz bank-moliya sektoridagi barqarorlik ko‘rsatkichlari ham puxta o‘ylangan iqtisodiy siyosatning samaralaridan biridir. O‘tgan 25 yillik taraqqiyot tahlili shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, korxonalar raqobatbardoshligini oshirish, eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqaradigan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va tadbirkorlik sub'yektlarining eksport faoliyatidagi ishtirokini har tomonlama rag‘batlantirishda bank tizimining hissasi muttasil ravishda ortib bormoqda.
Aktsiyadorlik-tijorat “Qishloq qurilish banki” O‘zbekiston bank-moliya sektorida o‘z o‘rniga ega yetakchi tijorat banklaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda bank tizimida 42 filial, 48 minibank va 186 shahobcha faoliyat yuritmoqda va ularda 692 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxs maqomidagi mijozlarga xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
2016 yilning 1 avgust holatiga bankning sof aktivlari 5 122,9 mlrd. so‘mga va jami kapitali 464,3 mlrd. so‘mga yetdi hamda bankning kredit portfeli 4 404,6 mlrd. so‘mni tashkil qildi.
2016 yil 17 avgust kuni O‘zbekiston milliy matbuot markazida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida “Qishloq qurilish bank” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida bankning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashdagi ishtiroki va bu yo‘nalishda erishilayotgan natijalar bo‘yicha ma'lumotlar berildi.
Qayd etilishicha, bank aholi farovonligini va bandligini ta'minlashda muhim o‘rin tutayotgan xususiy sektorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda va bu maqsadlarda ajratilayotgan kreditlar qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, kichik biznes sub'yektlarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hisobiga yangi ish o‘rinlari yaratish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. Xususan, 2009-2016 yillar davomida kichik biznes sub'yektlariga 2 402 708 mln. so‘m, shu jumladan,oziq-ovqat iste'mol mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga 427 139 mln. so‘m, nooziq-ovqat iste'mol tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishga 536 706 mln. so‘m, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashga 304 604 mln. so‘mlik mablag‘ ajratilgan.
2010-2016 yillar davomida imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan ajratilgan kreditlar 23 203 mln. so‘mni tashkil etgani holda, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilikni rivojlantirishga 109 683 mln. so‘m, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish uchun 716 988 mln. so‘m yo‘naltirildi.

















