Vatanimiz, butun o‘zbek xalqi o‘ta og‘ir judolikka uchradi. Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov 2 sentabr kuni og‘ir kasallikdan so‘ng vafot etdi.  
    
Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ildi. O‘rta Osiyo politexnika instituti va Toshkent xalq xo‘jaligi institutini muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklari bo‘yicha tugatdi.

Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshladi. 1961 yildan 1966 yilgacha  Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib  ishladi. 

1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, mutaxassislikdan Respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1983 yilda O‘zbekiston SSR Moliya ministri, 1986 yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, Respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi.

U 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlab, o‘zining katta rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyati, fidoyiligi va qat'iyati, el-yurt dardini, odamlarning tashvish va muammolari, ularning talab va manfaatlarini yurakdan his qilishi bilan g‘oyat og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushib qolgan viloyatdagi vaziyatni qisqa vaqt ichida tubdan o‘zgartirishga erishdi. 

Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1989 yilning iyunidan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylandi. 

O‘sha paytda respublikamiz fuqarolar urushi, qon to‘kish, millatlar va konfessiyalararo mojarolar yoqasida turgan edi. Voqealarning xuddi shunday rivoji qo‘shni mamlakatlarda amalga oshirilgan edi. Ana shunday o‘ta og‘ir davrda u o‘zining voqealarni oldindan ko‘ra bilish qobiliyati, kuchli irodasi va qat'iyati bilan xalqimiz va mamlakatimizni shunday achinarli qismatdan saqlab qoldi. 

Aynan o‘sha davrda xalqimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov timsolida mard, bukilmas iroda egasi va sodir bo‘layotgan favqulodda murakkab hodisalarning mohiyatini davlat manfaatlari nuqtai nazaridan ko‘ra oladigan, o‘z Vatani va xalqi, har bir yurtdoshining taqdiri uchun alohida mas'uliyatni his eta oladigan haqiqiy rahbarga ega bo‘ldi. 

 1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi.