2016 yil 4-5 sentabr kunlari Xitoyning Hangjou shahrida “katta yigirma” deb ataluvchi davlatlar guruhining sammiti bo‘lib o‘tdi. Ayni chog‘da, unda muhokama etilgan mavzular keng muhokama etilmoqda. Biz esa, sammitning birinchi kuniga oid yodda qolarli voqealarga to‘xtalmoqchimiz.
Uning tantanali ochilish marosimi ajoyib suvli-olovli tomosha bilan boshlandi. Ko‘plab maxsus effektlar yorqin alangalar bilan birga ertakmonand muhitni shakllantirdi.
Barcha ishtirokchilarning umumiy suratga tushishi vaqtida jahon yetakchilarining vaqti tig‘iz ekanini yaqqol sezish mumkin. Ular imkon topdi, deguncha turli dolzarb masalalarni muhokama etishga harakat qilishdi.
Suratga tushish vaqtida markaziy joyni mezbon, XXR raisi Si Tszinpin egallab, uning chap va o‘ng tomonida bittadan keyingi joylarni AQSh hamda Rossiya yetakchilari egallashdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin fransiyalik hamkasbi Fransua Olland yonida turgan vaqtda uning yoniga Turkiya davlat rahbari Erdo‘g‘an kelib, Putin bilan ko‘rishib, uning yonginasida turishga qaror qildi.

So‘ngra, delegatsiyalar rahbarlariga AQSh yetakchisi Barak Obama ham qo‘shildi. U, bir necha davlat rahbarlari, xususan Germaniya kansleri Angela Merkel bilan so‘rashib, uning yonida joy egalladi.
Jahon OAV tomonidan sammit chog‘ida yuz bergan va keng muhokama qilingan voqealardan biri, AQSh prezidentining kutib olinishi bo‘ldi. Xanchjou aeroportida AQSh prezidenti kelgan samolyotning asosiy eshigiga qizil gilam to‘shalgan trapni keltirishmadi. Shu bois u, samolyotning orqa qismidagi zaxira trapidan tushishga majbur bo‘ldi.

Umum qabul qilingan amaliyotga muvofiq, Obama bilan birga kelgan reporterlarning barchasi prezident samolyoti qanotlari ostiga to‘plandi. Jurnalistlar uning tushishini xavfsizlik xizmatlari tomonidan belgilangan ko‘k tasma ortidan kuzatib turishdi. Shundan so‘ng, Xitoy xavfsizlik xizmati xodimlaridan biri jurnalistlardan yo‘qolishni talab qildi, deb yozadi Rosbalt.
















