Jahon | 15:40 / 19.09.2016
5542
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar: 2015 yilda yong‘in 100 mingdan ortiq indoneziyalikning hayotiga zomin bo‘lgan

O‘tgan yili Indoneziyada ro‘y bergan yozgi yong‘inlar Jakarta rasmiylari ta'kidlagandek 19 nafar emas, 100 mingdan ortiq aholi hayotiga zomin bo‘lgan. Bu haqida ekologlar Environmental Research Letters jurnalida ma'lum qilishdi

O‘rmon yong‘inlari har yili Indoneziyaning minglab gektarlarini qoplab oladi. 1997-1998 yillarda ularning mintaqa mamlakatlariga ziyoni taxminan 9 milliardni tashkil qilgan. Indoneziya o‘rmon xo‘jalik vazirligining ma'lum qilishicha, bu yil yong‘inlar hozircha 2,8 ming gektar maydonni qamrab olgan. 

2015 yilda Indoneziyada so‘nggi o‘n yillik uchun eng kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lgan. O‘shanda umumiy olganda, 260 ming gektardan ortiq o‘rmon maydoniga o‘t ketgan. Bunga El-Nino iqlim fenomeni sabab bo‘lgan. Yong‘inning ta'siri Indoneziyaning 75 foiz hududida, jumladan Jakartada ham sezilgan. Bundan tashqari tabiiy ofat Malayziya, Tailand va hattoki Filippinning ba'zi hududlariga ta'sir o‘tkazgan. 

Shvarts va uning hamkasblari bu yong‘inlarning qurbonlari rasmiylar taqdim etgan ma'lumot - 19 nafar kishidan ancha ko‘p bo‘lganini aniqlashdi. 

Olimlar buning uchun avval yong‘in qamrab olgan o‘rmonlar, botqoqlar  maydoni, shundan so‘ng yonayotgan daraxtlardan chiqqan qorakuya zarralarini hisoblab chiqishgan.

Shvarts va uning hamkasblari yong‘inlar xaritasini aholi zichligi xaritasiga muvofiqlashtirib, tabiiy ofatning indoneziyaliklar sog‘lig‘iga qanday ta'sir qilgan bo‘lishi mumkinligiga baho berishdi. 2015 yilgi kuchli yong‘inlar va u qadar yong‘in kuzatilmagan yillardagi natijalarni taqqoslash 2015 yilda har qachongidan ko‘proq odam hayotdan ko‘z yumganligini ko‘rsatgan. Ularning olib borgan hisob-kitobiga ko‘ra, yong‘inlar kamida 26 ming, ko‘pi bilan esa 160 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan. Yong‘in natijasida halok bo‘lganlarning taxminiy ko‘rsatkichi 91-100 ming nafarni tashkil qiladi. 

Ekologlarning ta'kidlashicha, eng ko‘p yong‘in va o‘lim holatlari Sumatra orolining janubiy qismiga to‘g‘ri keladi. Barcha yong‘inlarning 60-70 foizi shu yerda sodir bo‘lgan. Tadqiqotchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu bekorga emas - aynan shu hududda qog‘oz va sellyuloza ishlab chiqarish uchun tez o‘suvchi daraxtlar ekish uchun tuproq drenaji loyihalari o‘tkazilgan.  Olimlar "bunday tajriba yong‘inlarni kuchaytiradi, shu bois bunga chek qo‘yish zarur", deb hisoblashadi. 

Mavzuga oid