O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisida senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Ushbu qonunga muvofiq bir qator qonun hujjatlariga ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va sud-huquq sohalarida amal qilib turgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 22 fevralda qabul qilingan «Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga o‘zgartirildi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilab berildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi, sog‘liqni saqlash hududiy boshqarmalari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalari zimmalariga nogironlar, shu jumladan, nogiron bolalar, urush qatnashchilari, faxriylar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlariga tibbiy-ijtimoiy yordam berish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning kasbga o‘qitilishini tashkil etish va inklyuziv kasbga o‘qitishni rivojlantirish, Moliya vazirligi va uning hududiy organlari zimmalariga muhtoj oilalarga hamda fuqarolarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlanishi hamda to‘lanishi ustidan monitoring olib borish vazifalari yuklatildi. Shuningdek, nogironlar va keksalar uchun mo‘ljallangan Muruvvat hamda Saxovat uy-internatlari, Nogironlar uchun reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironlar uchun mintaqaviy reabilitatsiya markazlari, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriyalar hamda pansionatlar, shuningdek, qator ta'lim muassasalari Mehnat vazirligi tasarrufidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Qayd etilgan farmon talablaridan kelib chiqib, qonunda bir qator qonun hujjatlariga, jumladan, «Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Aholini ish bilan ta'minlash to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida»gi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi qonunlarga, shuningdek, Soliq kodeksiga hamda Mehnat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
«Veterinariya to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga, xususan, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi, «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi, «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi, «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida»gi qonunlarga, shuningdek, Jinoyat kodeksiga, Soliq kodeksiga, Byudjyet kodeksiga, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilmoqda.
















