O‘zbekiston | 18:02 / 10.11.2016
5650
3 daqiqa o‘qiladi

MSK «oilaviy» ovoz berish holatlari oldini olish bo‘yicha ish olib boradi

“Saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish tadbirlarida “oilaviy” ovoz berish hollarining, ya'ni bir saylovchi bir nechta saylovchi uchun ovoz berishi hollarining oldini olishga alohida e'tibor qaratildi. Bu mavzuda 100 mingdan ortiq tashviqot plakati tayyorlandi, ularni odamlar ko‘p to‘planadigan joylarga joylashtirish davom ettirilmoqda”, – deb ta'kidladi O‘zbekiston MSK raisi “O‘zA” milliy axborot agentligiga bergan intervyusida.

Xususan, MSK raisining so‘zlariga qaraganda milliy saylov amaliyoti tarixida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada oshirishga qaratilgan tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Dasturda aholining barcha qatlamlarini, jumladan xotin-qizlarni, yoshlarni, faxriylarni, imkoniyatlari cheklangan shaxslarni, harbiylarni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, o‘quv yurtlari vakillarini, shuningdek chet eldagi hamyurtlarimizni qamrab olishga qaratilgan.

Dastur aholining turli qatlamlari bilan ishlash bo‘yicha katta tajribaga ega bo‘lgan turli jamoat birlashmalari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari takliflari asosida ishlab chiqildi.

Bugun ular dasturda belgilangan keng ko‘lamli vazifalarni ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etmoqda. Masalan, “Kamolot” YoIH, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi tomonidan davlat organlari bilan yaqin hamkorlikda fuqarolarning huquqiy madaniyatini va saylov faolligini yanada oshirishga qaratilgan “Mening ovozim – mamlakatimning kelajagidir”, “O‘zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har kim o‘z ovoziga ega”, “Biz saylash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida o‘zingni top”, “Jips oilada” aksiyalari o‘tkazilmoqda.

Tushuntirish ishlari davra suhbati, seminarlar, uchrashuvlar, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar, konferensiyalar va treninglar, shuningdek ommaviy axborot vositalarida maqolalar, turli risolalar, flayerlar va boshqa tarqatma materiallar tayyorlash orqali ham o‘tkazilmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida jamoatchilikning keng ishtirok etishini ta'minlashga qaratilgan bunday chora-tadbirlar va amallar amaliyotda fuqarolarning jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish borasidagi konstitutsiyaviy huquqini to‘liq ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi.f

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid