Jahon | 18:48 / 10.11.2016
7905
2 daqiqa o‘qiladi

NATO Tramp g‘alabasi tufayli AQSh tomonidan moliyalashtirish qisqartirilishidan xavfsiramoqda

Foto: Reuters

Donald Trampning AQSh prezidenti bo‘lishidan keyin NATO tomoni rasmiy Vashington tashkilot batalonlari Boltiq bo‘yi va Polshada joylashtirilishi uchun ajratadigan mablag‘larini keskin kamaytirishi mumkinligidan tashvishga tushmoqda. Bu haqda Les Echos xabar yozgan.

Nashrning qayd etishicha, yevropaliklar Trampning Rossiya haqidagi gaplari tufayli tashvishga tushgan. NATO bosh ofisida keyingi voqealarni xavotir bilan kutib olishgan.

Nashrda yozilishicha, NATO vakillari Tramp o‘z saylovoldi kampaniyasi davomida Yevropa davlatlaridan AQSh ularni himoya qilishi uchun pul talab qilishi haqida aytgani, shuningdek, «aksilrus faoliyat»ni bas qilishga chaqiriqlar bilan chiqishlar qilganini eslab qolishdi.

2016 yilning iyulida Shimoliy Atlantika alyansi sammiti yakunlariga ko‘ra, Estoniya, Latviya, Litva va Polshada 4 batalon joylashtirish bo‘yicha qaror qabul qilingandi. Estoniyada britaniyaliklar bataloni, Latviyada — kanadaliklar bataloni, Litvada — nemislarning, Polshada esa amerikaliklar bataloni joylashtirilishi ko‘zda tutilgan. 

Batalonlar 2017 yilda rotatsiya asosida joylashtiriladi. 

Rossiya NATO tomoniga bu qaror yuzasidan rasmiy norozilik bildirgandi.

Mavzuga oid