17:42 / 11.11.2016
8200

AQShda musulmonlarga hujum qilinishi bo‘yicha tergov olib borilmoqda

Foto: AP

AQSh musulmonlari huquqlarini himoya qilish bo‘yicha monitoring guruhi mamlakat musulmonlariga hujum qilinganiga oid xabarlarni o‘rganayotgani haqida bayonot bergan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Donald Trampning prezidentlik saylovidagi g‘alabasidan keyin shunday holatlar qayd etilgan, deb xabar qilmoqda Reuters.

Amerika-musulmonlar munosabatlari bo‘yicha Kengash ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatning bir necha shtatida musulmonlarga hujum qilingani haqida axborotlar mavjud. Jumladan, Kaliforniyaning San-Diyego va San-Xose universitetlaridagi hijobli talaba qizlar ta'qibga uchragan. 

Luiziana politsiyasiga murojaat qilgan musulmon ayol, ikki noma'lum kimsa Luiziana shtati Lafayyet universiteti kampusida uning ro‘molini tortib olmoqchi bo‘lgani haqida xabar qilgan. Ammo, hozircha bu xabar tasdiqlangani yo‘q.  

Kengash vakili Ibrohim Xuperning so‘zlariga ko‘ra, Islomni ko‘rolmaslik holati so‘nggi oylarda davom etgan prezidentlik poygasi davomida ko‘p kuzatilgan. 

«Afsuski, bunday fanatizmdan qutulish Donald Trampga bog‘liq», — degan Xuper. 

Donald Tramp o‘z saylovoldi chiqishlarida musulmonlarning xavfsizlik nuqtainazaridan mamlakat hududiga kirishini taqiqlash g‘oyasini bildirgan. Biroq, Xuperning fikricha, Tramp tarafdorlari buni boshqacha tushunishgan. 

Top