O‘zbekiston | 15:30 / 15.11.2016
4262
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbek-Koreya ishbilarmon doiralari ishtirokida kooperatsiya birjasi tashkil etildi

Foto: Chamber.uz

2016 yil 10 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Koreyaning avtomobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalari ishtirokida kooperatsiya birjasi tashkil etdi. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish hamda qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etishga chet el investitsiyalarini jalb etish yo‘lida qo‘shimcha rag‘bat vazifasini o‘tadi, deb xabar qilmoqda Savdo-sanoat palatasi axborot xizmati.

Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad koreyalik ishlab chiqaruvchilar va o‘zbek hamkorlari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekiston hududida avtomobillar uchun butlovchi detallar va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish sohasida yangi qo‘shma korxonalarni tashkil etishga oid loyihalarni ishlab chiqishdan iborat.

Kooperatsiya birjasi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va «KICOX» Koreya industrial kompleks korporatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolangan. Uchrashuv chog‘ida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilingan.

Qayd etish kerakki, 2015 yilda ikki tomonlama savdo hajmi 1 mlrd 716,6 mln AQSh dollarini, jumladan, eksport – 158,1 mln AQSh dollarini, import esa – 1 mlrd 558,5 mln AQSh dollarini tashkil etdi.

Eksport bo‘yicha asosiy pozitsiyalar: xizmat ko‘rsatish (55,5%), paxta matosi (21,7%), qurilish materiallari (9,5%), paxta linti massasi (3,6%), oziq-ovqat tovarlari (2,6%), plastmassa va undan ishlangan buyumlar (2,4%), kimyoviy mahsulotlar (1,9%) va boshqalar.

Import bo‘yicha: avtotransport vositalari qismlari (39,8%), mexanik va elektr uskunalar (21,4%), plastmassa va undan ishlangan buyumlar (6,5%), qora metalli buyumlar (4,2%), kimyoviy mahsulotlar (2,3%), rezina buyumlar (1,5%) va boshqalar.

Joriy yilning 6 oyi yakunlari bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 508,3 mln AQSh dollari, jumladan eksport – 103,67 mln AQSh dollari, import esa – 404,67 mln AQSh dollarini tashkil etgani qayd etildi.

Ta'kidlanishicha, Koreya Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga jalb etilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi 7 mlrd AQSh dollaridan oshgan.

Hozirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida koreyalik investorlar ishtirokida tashkil etilgan 449ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda (376ta qo‘shma va 73ta korxona 100% Koreya kapitaliga ega). O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi huzurida 72ta Koreya kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Ushbu kompaniyalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari neftgaz va kimyo, qazib chiqarish, mashinasozlik, elektr-texnika, to‘qimachilik kabi qator sohalarni qamrab oladi.
 

Mavzuga oid