07:35 / 19.11.2016
17785

OTIH sammitiga uchib ketayotgan Rossiya delegatsiyasi samolyoti taqibga uchragani yetmagandek, yana yo‘lda buzilib qoldi

Foto: repeatme.ru

Kreml puli jurnalistlari Peruda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (OTIH) sammitining bir nechta tadbirlarini ularni olib ketayotgan Il-96300 samolyoti yo‘lda buzilib qolgani sababli o‘tkazib yuboradilar. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda

"Rossiya" maxsus parvoz otryadi samolyoti yoqilg‘i quyish uchun Lissabonda qo‘ngan. Shundan keyin samolyot bortida nosozlik aniqlangan. Samolyot sardori Moskvadan zarur bo‘lgan ehtiyot qismlar yetkazilib, samolyot soz holatga keltirilgandan keyingina parvoz davom ettirilishini ma'lum qilgan. 

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiya delegatsiyasi Peru poytaxti Limaga 19 noyabr Moskva vaqti bilan 18:00 dan keyin uchib ketadi. Ta'kidlanishicha, manzilgacha parvoz 11 soatni tashkil qiladi.     

Avvalroq xuddi shu samolyotni Shveytsariyada uchta qiruvchi samolyot taqib qilgan. Harbiy samolyotlar shunchalik yaqin kelishganki, nafaqat ulardagi bayroq, bort raqamini, balki uchuvchining yuzini ham farqlash mumkin bo‘lgan. Qiruvchi samolyotlardan birining uchuvchisi uni suratga olishayotganini payqab, hattoki qo‘lini silkitib qo‘ygan.

Qiruvchi samolyotlar Rossiya delegatsiyasi samolyotini Shveytsariya havo hududi doirasida bir necha daqiqa davomida kuzatib borgan. Samolyot ekipaji sardori jurnalistlarga ushbu yo‘nalishda bunday kuzatuvlar olib borish oddiy hol ekanini va qiruvchi samolyotlar juda yaqin kelgani bilan hech qanday xavf tug‘dirmaganini aytgan.

 

Top