13:59 / 27.11.2016
6403

Antonio Konte: «Chelsi» hozir «Arsenal» va «Liverpul»ga yutqazgan jamoa emas»

«Chelsi» bosh murabbiyi Antonio Konte premer-liganing 13-turida «Tottenhem» ustidan qozonilgan g‘alabadan (2:1) keyin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Oldimizda juda katta imtihon turgandi. Raqib ajoyib sport formasida bo‘lgan, o‘yinni tashkil qilish bo‘yicha ajoyib futbol ko‘rsatadigan jamoa edi. Ular o‘yinni bizga qaraganda yaxshiroq boshlashdi. To‘pni yo‘qotgan zahoti juda zich va faol bosim uyushtirishdi.

«Tottenhem» juda ajoyib gol kiritishga muvaffaq bo‘ldi, ammo menga ko‘proq bu golga qanday reaksiya bildirganimiz ma'qul bo‘ldi. Bizga oson bo‘lgani yo‘q, biroq Pedro fantastik zarbasi bilan o‘yinni bizning ixtiyorimizga qaytardi. Gol kuchimizga ishonch bag‘ishladi.

Ikkinchi bo‘limda biz birinchi bo‘limda yarata olmagan vaziyatlarimizdan foydalandik. Derbida juda muhim bo‘lgan g‘alabani qo‘lga kiritdik. Bu har doim o‘ziga xos hissiyotlarni taqdim etadi. Shunga qaramay, ertadan bizning barcha fikr-u xayolimiz bo‘lajak uchrashuvga qaratiladi. Unda chempionatining yana bir yetakchisiga qarshi o‘ynaymiz.

Hozir biz mavsum boshida «Arsenal» va «Liverpul»ga yutqazgan jamoa emasmiz. Biz o‘zgardik va men futbolchilardan va butun boshli jamoadan ko‘nglim to‘lyapti. O‘z ustimizda juda ko‘p ishlamoqdamiz va bu maydonda qanchalik foyda keltirayotganidan zavqlanyapmiz. Bu kabi uchrashuvlarda 90 daqiqa mobaynida ustunlik qilib bo‘lmaydi. Ammo, g‘alaba qozonganingdan hech narsaga almashtirib bo‘lmaydigan hissiyotlarni boshdan kechirasan», — deya Kontedan iqtibos keltiradi «Chelsi» rasmiy sayti.

Top