MSK O‘zbekiston Prezidenti saylovining yakuniy natijalarini e'lon qildi
2016 yil 9 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda shu yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov ta'kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida fuqarolarimiz o‘zining yuksak siyosiy saviyasi va fuqarolik potsiziyasini hamda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini namoyish etib, ovoz berishda faol ishtirok etdilar.
Fuqarolar ovoz berishda ishtirok etishi orqali mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini yana bir karra ifoda etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ishtirok etganini aniqladi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, Sarvar Sadullayevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 foizi ovoz berdi, Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi ovoz berdi, Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 foizi, Narimon Majitovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 foiz saylovchilar ovoz berdi.
Shunday qilib, natijalariga asosan 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev g‘olib chiqdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 90, 117-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14, 35, 36-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5, 9-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Majlisda saylov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunlarga muvofiq fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirish huquqini ta'minlagan hamda umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish tamoyillariga rioya qilgan holda bo‘lib o‘tgani ta'kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini 5 ta xalqaro tashkilot – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari uyushmasi va Islom hamkorlik tashkilotidan hamda Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning 46 ta davlatidan 600 nafarga yaqin kuzatuvchi kuzatib borgani siyosiy kampaniya demokratiya talablari asosila ochiq va oshkora o‘tganining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 37 mingdan ortiq kuzatuvchi ham faol ishtirok etdi.
Saylovning ochiqligi va oshkoraligini ta'minlashda ommaviy axborot vositalari nihoyatda muhim o‘rin tutadi. Prezident saylovini 615 milliy va 272 xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan 315 ta xorijiy va milliy internet nashrlari yoritib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi va okrug saylov komissiyalarining matbuot markazlari tomonidan mamlakatimiz va chet elning 1 ming 400 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kampaniyasining muhim bosqichlariga bag‘ishlangan 180 ta matbuot anjumani va onlayn brifinglar o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq 22 ming 700 dan ziyod maqola va axborot materiallari e'lon qilindi, ko‘rsatuv hamda eshittirishlar efirga uzatildi.
Majlisda qayd etilganidek, 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatimiz o‘z oldiga qo‘ygan buyuk maqsadlar yo‘lida – dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan o‘rin egallash, yurtimizni siyosiy va iqtisodiy jihatdan modernizatsiya qilish, xalqimiz uchun erkin, tinch va farovon hayotni ta'minlash borasida yana bir ulkan qadam qo‘yganini, ta'bir joiz bo‘lsa, mustaqil taraqqiyotining yangi davriga kirib borayotganini yaqqol namoyish etdi.
Mavzuga oid
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
19:32 / 07.11.2024