Kuni kecha futbol stadioni yonida yana bir portlash ro‘y berdi – bu safar Istanbulda. Quyida shunday fojiali holatlarning bir nechtasini keltirib o‘tamiz.
Ukraina

«Shaxtyor» – «Tavriya»
1995 yil 20 oktabr
Ukrainada 1995 yili «Shaxtyor» — «Tavriya» uchrashuvi vaqtida mehmonlar kirishiga mo‘ljallangan o‘tish yo‘lagida portlash ro‘y bergan. Buning oqibatida olti nafar mahalliy jinoiy guruh a'zolari halok bo‘ldi. Aniqlanishicha, terakt mahalliy mafiyaning o‘zaro kurashi natijasida uyushtirilgan bo‘lib, u aniq shaxslarga qarshi qaratilgan bo‘lgan. Portlovchi modda qoldiqlari tonnelning havo alishtirish lyukida topildi. Tomoshabinlar va futbolchilardan hech kim jabrlanmagan.
Iroq

O‘rtoqlik uchrashuvi
2013 yil 30 iyun
Iroqdagi notinch vaziyat 2013 yilning yozida stadionlarga ham o‘z ta'sirini o‘tkazdi. Ikki o‘yingohda turli kunlar davomida ikkita portlash ro‘y bergan. Birinchisida yetti inson jarohat olgan bo‘lsa, ikkinchi terakt futbol maktablarining bolalar jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida ro‘y berdi. Buning oqibatida 20 dan ziyod o‘smir qurbon bo‘lgan.
Nigeriya

«Mubi» — «Olimpik»
2014 yil 1 iyun
“Boko Xaram” radikal guruhi o‘tgan yilning yozida Nigeriyaga teraktlar bilan ochiqdan-ochiq tahdid qilgan. Shu munosabat bilan mamlakatda favqulodda vaziyat rejimi kiritildi. Biroq xavfsizlik choralari «Mubi» mahalliy klubining o‘yinchi va tomoshabinlarini asrab qola olmadi. Mamlakat chempionati uchrashuvi vaqtida ro‘y bergan portlash oqibatida 40 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.




















