01:05 / 17.12.2016
40669

Dunyoning eng yaxshi mehmonxonalari reytingi - Instagram versiyasi

Instagram ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchisi bo‘lsangiz va taniqli shaxslarning qayerlarda dam olishini kuzatsangiz, ularni Yer yuzidagi eng hashamatli mehmonxonalar qiziqtirishining guvohi bo‘lasiz. Har holda, Instagram tarmog‘idagi eng mashhur mehmonxonalar ro‘yxatidan shunday xulosa kelib chiqadi. Bloomberg ushbu reyting bilan yaqindan tanishtirdi. 

 

1. The Cosmopolitan of Las Vegas, AQSh

Instagram tarmog‘idagi ushbu eng mashhur mehmonxona, shubhasiz, Vegasdagi eng hashamatli mehmoxona hisoblanadi. Premium toifali, 186 kvadrat metr maydonga ega, yangi 21 nomer, shuningdek xususiy o‘yin saloni xizmatingizga muntazir. 

 

2. Atlantis, the Palm, Dubay

Atlantis'ga 457 295 kvadrat metrli hudud kamlik qilgan ko‘rinadi - kelasi yilda uning "ukasi", 44 qavatli, 800 nomerli The Royal Atlantis mehmonxonasi bunyod etiladi. Bu yerdagi Ambassador suv osti dunyosida esa skatlarni (dumi ingichka, yapaloq dengiz balig‘i) tomosha qilib, vaqtingizni mazmunli o‘tkazasiz. 

 

3. Fontainebleau Miami Beach, AQSh

Fontainebleau mehmonxonasida yilning eng unutilmas suratini olish uchun hali vaqtingiz bor: bu yerdagi Yangi yil bayram dasturida mehmonlar Jastin Biberning qo‘shiqlarini tinglashlari mumkin bo‘ladi. Bu Mayami-bich tungi hayotining ajoyib kadrlaridan biri, xolos: mashhur Liv klubi hamda Hakkasan va Michael Mina 74 kabi hashamatli restoranlar ham mijozlarga yuksak xizmat ko‘rsatishga tayyor.  

 

4. Wynn, Las-Vegas 

Vegasga tashrif buyurgan mehmonlarning aksariyati Bellagio mehmonxonasi shiftidagi musavvir Chixulining san'at namunalarini suratga olib, Instagram'ga yuklaydi. Biroq ijtimoiy tarmoqlar nuqtai nazaridan, Wynn mehmonxonasidagi gullar bezagi ko‘proq qiziqish uyg‘otadi. Bu suratga tushish uchun eng munosib joydir. Biroq u qadar taniqli bo‘lmagan yana bir maskan bo‘lib, u 12 metr balandlikdagi yorug‘lik taraluvchi sharshara atrofidagi  “Orzular ko‘li” shousidir. U nimasi bilandir Bellagio favvorasiga o‘xshab ketadi, faqat undan-da zamonaviy!

 

5. Ushuaïa Ibiza Beach Hotel, Ispaniya 

Bu mehmonxonaning top-10 ro‘yxatiga kiritilganligining o‘zi qiziq, zero u faqat yoz faslidagina mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. Biroq aynan shu yerda har yakshanba va dushanba kunlari David Guetta yoki Avicii kabi DJ‘larni uchratish mumkin. Ushbu go‘zal maskanda Instagram’ga kirishni o‘ylamang ham, chunki zerikishga aslo vaqtingiz bo‘lmaydi. 

 

6. Venetian, Makao 

Buyuk Kanallarning ajoyib surati ko‘pchilikni o‘ylantirib qo‘yishi mumkin: Bu axir Vegas-ku! Yoki Italiyami? Nahotki bu Osiyo bo‘lsa?! Ortiqcha savolga o‘rin qolmasligi uchun o‘z folloverlaringizni Venetian mehmonxonasi yonidagi xitoycha belgilar suratlari bilan ajablantiring. Bundan tashqari, mehmonxona Duty Free’sida Celine sumkasini xarid qilish va Eyfel minorasining nusxasi fonida suratga tushish mumkin.

 

7. Aria Resort & Casino, Las-Vegas 

Aria’da yutish uchun har bir taom o‘ziga xos tarzda uzatiladigan Carbone restoraniga kiring. Bundan tashqari, mehmonxonada haftada to‘rt marta “Cirque du Soleil” shousi taqdim etiladi.

 

8. Atlantis Hotel & Casino, Paradayz oroli, Nassau, Bahama orollari

Ushbu majmua 9 mehmonxona, shuningdek, 20 hovuz, 21 restoran va 19 barni o‘z ichiga oladi – ijtimoiy tarmoqlarda uning suratlari ko‘pligi bejiz emas. Diqqatingizni eng hashamatli qarorgoh — Cove Club’ga qarating. Mukammal fotosessiya uchun bundan yaxshi joy yo‘q. 

 

9. Hard Rock Hotel & Casino, Punta-Kana, Dominikan respublikasi 

Hard Rock’da kunni ovoz yozish studiyasida o‘tkazish va ehtimol, YouTube’dagi eng talabgor xitlarni yaratish mumkin. Musiqaga qiziqmaysizmi? Moon Pool hovuzi — #sunset xeshtegi bilan eng mashhur suratlarni joylashtirish uchun diqqatga sazovor joylardan biri. 

 

10. W Barcelona, Ispaniya 

Bu ajoyib mehmonxona o‘zining go‘zal manzaralari bilan mashhur. U Barceloneta qirg‘og‘i burchagida yelkan shaklidagi binoda joylashgan. Suratlaringiz betakror chiqishi uchun yuqori qavatlardan birini band qiling yoki mehmonxona tomida joylashgan barga chiqing, bu yerlardan ko‘rinadigan shahar va dengiz manzaralari bir umr yodingizda muhrlanib qoladi. 

Mavzuga oid
Top