BMT bosh kotibi: “bizda qamoq ham, prokuror ham, sud ham yo‘q”
BMT bosh kotibi Pan Gi Mun tashkilotda o‘zining jazo tizimi yo‘qligidan afsusda ekanini bildirib o‘tdi. Uning fikricha, bunday choralar jinoyat sodir etgan tinchlikparvarlarga nisbatan qo‘llanilishi kerak.
Bu haqda bosh kotib Rossiya axborot agentliklariga bergan intervyusi chog‘ida aytib o‘tgan.
BMT so‘nggi paytlarda tashkilot tinchlikparvarlari sabab tanqid ostiga olindi. Huquq himoyasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning joriy yildagi ma'lumotlariga ko‘ra, harbiy xizmatchilar Markaziy afrika respublikasida jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek kamida 18 kishining qotilligiga aloqador ekan. Bu holatlar 2013-2015 yillarda ro‘y bergan. BMT bosh kotibining mart oyida taqdim etilgan hisobotiga ko‘ra, tashkilotning tinchlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha missiyasi faqatgina 2015 yilda BMT xodimlari tomonidan amalga oshirilgan jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida 69 ta murojaatni qabul qilib olgan. 23 holatda qurbonlar voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan.
Shuningdek, mutaxassislarning fikricha, BMT tinchlikparvarlari Janubiy Sudan poytaxtida 11 iyul kuni yuz bergan hodisalarga “yetarli darajada jiddiy yondashmagan”. O‘shanda armiya askarlari Jubada ishlovchi gumanitar xodimlarga hujum qilib, ularning nomusiga tegishgan.
“Bunday vaziyatlar yuz berganda, biz birinchi bo‘lib javobgar bo‘lgan tinchlikparvarlarni xizmatdan chetlatishga harakat qilamiz. Ba'zi hollarda esa ularni maxsus xonalarga joylashtirish ham talab etiladi. Jinoyatning og‘irligiga qarab biz ularni o‘z mamlakatlariga jo‘natib yuboramiz”, - deya ta'kidlab o‘tdi Pan Gi Mun.
“Meni xavotirga solayotgan yagona muammo – tizimli, tashkiliy masaladir. BMTda ularni jazolash uchun tizim yo‘q. Ular jinoyat sodir etganda – biz bu ishga aralashgan kishilarni chiqarib yuborib, o‘z davlatlaridagi qonunchilikka ko‘ra jazolanishlarini so‘rashimiz mumkin, xolos”, - deya aytib o‘tdi bosh kotib. Uning ta'kidlashicha BMTda “qamoq ham, prokuror ham, sud ham yo‘qdir”.
Ma'lumot uchun, butunjahon tashkilotning sakkizinchi rahbari 31 dekabr kuni o‘z lavozimini tark etadi. BMTga 1 yanvardan boshlab portugaliyalik Antoniu Guterresh bosh kotib bo‘ladi.
Mavzuga oid
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024
BMT: RF va KXDR o‘rtasidagi hamkorlik «xavfli eskalatsiya»ga olib keladi
13:50 / 05.11.2024