Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin har yilgi an'anaviy katta matbuot anjumanida ishtirok etdi. Unda bir qator muhim ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Rossiya va Ukraina munosabatlari baribir qachondir yaxshilanadi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya va Ukraina munosabatlari haqida o‘z fikrini bildirib o‘tdi. «Ishonchim komilki, bizda Ukraina bilan munosabatlar qachondir baribir yaxshilanadi va izga tushadi», - dedi Putin.
Trampning AQSh yadro quroli haqidagi gaplari haqida
Vladimir Putin AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Vashington yadro kuchini yanada mustahkamlash haqidagi fikrlari haqida ham so‘z yuritdi.
«Qo‘shma Shtatlarning saylangan prezidenti janob Trampga keladigan bo‘lsak, bu yerda hech qanday yangilik yo‘q. U o‘zining saylovoldi kampaniyasida AQSh yadro kuchini, qurolli kuchlarni mustahkamlash haqida gapirgandi. Bu yerda hech qanday noodatiy narsa yo‘q», - dedi prezident.
Sport kishilarni ajratishi emas, birlashtirishi kerak
Putin doping bilan kurash olib borayotgan xalqaro tashkilotlar ishida ochiqlikning muhimligi haqida ma'lum qildi.
«Butunjahon dopingga qarshi agentlik (WADA)? Ularning faoliyatiga baho berishga huquqimiz bor, deb o‘ylamayman. Buni Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qilishi kerak.
Ishonchim komilki, istalgan dopingga qarshi agentlik faoliyati shaffof va tekshiruvdan o‘tkaziladigan bo‘lishi kerak. Biz ish natijalaridan xabardor bo‘lishimiz kerak – kimni tekshirishmoqda, qanday usul bilan, natijalar qanday va aybdorlarni jazolash uchun qanday choralar ko‘riladi.
Nimaga bu xuddi mudofaa sohasi kabi yopiq tarzda qilinadi? Bunday sohada ochiqlik kerak», - deya ma'lum qilgan Putin.
«Albatta siyosiy tomonlar ham borligini inobatga olish kerak. Sportga siyosatni aralashtirmaslik shart. U kishilarni ajratishi emas, balki birlashtirish kerak», - qo‘shimcha qildi Rossiya prezidenti.
Soliqlarimiz dunyodagi eng past bo‘lib qolmoqda
Vladimir Putinning aytishicha, 13 foizlik soliq amalga tatbiq etilgan 2000-yillar boshida ko‘plab ikkilanishlar bo‘lgan, biroq endilikda bu yig‘imlar yetti marotabaga oshgan.
Putinning fikricha, jismoniy shaxslar daromadiga bo‘lgan farqlanuvchi soliqlarga o‘tish maqsadga muvofiq emas.















