Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e'lon qilindi.
Qaror avtotransport xizmatlari bilan ta'minlash sohasini yanada takomillashtirish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish va atmosferaga zararli tashlamalarni qisqartirish maqsadida qabul qilindi. Buning uchun 2017−2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.
Bu davr mobaynida 303 ta yangi yo‘lovchi tashish yo‘nalishi, ulardan 240 tasini (79,2 foizi) shahar atrofida va qishloq joylardan o‘tadigan shaharlararo qatnovlarda ochish nazarda tutilmoqda. Yangi yo‘nalishlar ochish bilan birgalikda, asosan avtobuslar yetishmasligi tufayli qatnov to‘xtatilgan yo‘nalishlar tiklanadi.
Kelgusi 5 yilda 8600 ta yo‘lovchi tashish avtomobili, shu jumladan, 5700 ta umumiy foydalanishga qulay mikroavtobus sotib olinadi.
Avtostansiyalar, to‘xtash bekatlari yengil konstruksiyalardan va asosan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan arzon materiallardan (metall konstruksiyalar, sendvich-panellar va shu kabilardan) foydalangan holda namunaviy loyihalar bo‘yicha quriladi.
Yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida avtobus va mikroavtobuslarning ishini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatishni.
2018 yilning 1 iyul sanasiga qadar Nukus shahri va viloyatlar markazlarida shahar yo‘lovchilar transportida yo‘l haqini bank plastik kartochkasida naqd pulsiz to‘lash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligiga tarkibiy va institutsional o‘zgartirish, xizmatlar bozori shakllanishi va rivojlanishiga hamda avtomobillarda tashish xavfsizligi masalalarini hal qilish uchun maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tizimli asosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish yuklanmoqda. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining aholi bilan veb-sayt, «ishonch telefonlari» orqali muloqotining amaliy mexanizmi ta'minlanadi.
Kelgusi 5 yil mobaynida Dasturni moliyalashtirishga 840 milliard so‘mdan ziyod, asosan «O‘zavtosanoat-lizing» va boshqa lizing kompaniyalarining mablag‘lari, tijorat banklari kreditlari, xususiy investorlarning o‘z mablag‘lari, shuningdek, mahalliy byudjyetlar mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar yo‘naltiriladi.















