O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori e'lon qilindi. Qaror matni O‘zA saytida keltirilgan.
Avtotransport xizmatlari bilan ta'minlash sohasini yanada takomillashtirish, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga erishish hamda mamlakat shahar va qishloqlarida aholi bandligi muammolarini hal etishda avtotransport xizmatlari ko‘rsatishning rolini kuchaytirish, yo‘lovchilar tashish xavfsizligini oshirish va atmosferaga zararli tashlamalarni qisqartirish maqsadida:
1. Quyidagilar respublikada avtomobil transportida yo‘lovchilar tashishni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:
harakatdagi tarkibni zamonaviy, qulay avtobuslar va mikroavtobuslar bilan yangilash, yo‘nalishlarni oqilona tashkil etish va kengaytirish, yo‘l qoplamalarini birinchi navbatda qishloq joylarda yaxshilash hisobiga aholining avtomobillarda tashuvlarga bo‘lgan talab-ehtiyojini yanada to‘liq qondirishni ta'minlash;
yo‘lovchilar tashish xavfsizligi chora-tadbirlarini kuchaytirish, yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlanish jadvallariga qat'iy rioya etilishini ta'minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifat darajasini oshirish, yo‘lovchilar tashish sohasida iste'molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini shakllantirish, yo‘lkira haqi uchun naqd pulsiz to‘lov tizimini joriy etish;
avtobuslar va mikroavtobuslardan oqilona va samarali foydalanishni ta'minlash, avtomobil transporti korxonalarining moliyaviy-iqtisodiy holatini mustahkamlash;
yo‘lovchilar tashishni boshqarish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish.
2. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi zimmasiga yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish madaniyati va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks amaliy chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi va tizimli asosda amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vazifasi yuklansin, quyidagilar agentlikning qo‘shimcha funksiyalari etib belgilansin:
yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish transportida xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan namunaviy kontraktlarni ishlab chiqish va tasdiqlash, ularda aholiga sifatli va xavfsiz avtotransport xizmatlarini kafolatli ta'minlash uchun optimal shart-sharoitlarni nazarda tutish;
yo‘lovchilar tashishni amalga oshirish yuzasidan doimiy ravishda markazlashtirilgan monitoring olib borilishini ta'minlash, onlayn (GPS) rejimida masofadan kuzatish tizimini hamda rasmiy veb-sayt va «ishonch telefonlari» orqali aholi bilan muloqot mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish;
















