Anqara sudi Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovga suiqasd qilish bo‘yicha ish yuzasidan ikki kishini hibsga olish haqida qaror chiqardi. Bu haqda Anadolu xabar bermoqda.

Xususan, turk politsiyasi xodimi Serjon Bashar va ishbilarmon Enes Asim Silin hibsga olindi.

Bashar turkiyalik muxolifatchi Fathulloh Gulenning tashkilotiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Tergov davomida u FETO faoli ekani hamda Izmirdagi politsiya maktabi kursantlari orasida oqim tarafdorlari bo‘yicha ish bilan shug‘ullangani aniqlandi. Aynan shu maktabda elchi Karlovning qotili – Mevlud Oltintosh ham o‘qigan. Shuningdek, Oltintosh “Basharga tegishli bo‘lgan uyda ro‘yxatdan o‘tgani” ham xabar qilindi.

Boshqa ikki gumonlanuvchi – advokat Serkan O. va oliy o‘quv yurti o‘qituvchisi Abdulqodir Sh. – qo‘yib yuborildi.

Avvalroq Anqarada Rossiya elchisiga suiqasd qilishga aloqador bo‘lgan 6 kishi sudga yetkazilgani ma'lum qilingandi.