"Titanik"ning finali borasida qat'iy pozitsiyaga ega bo‘lgan rejissyor Jyeyms Kemeron The Daily Beast portaliga bergan intervyusida nima uchun tomoshabinlar sevib tomosha qiladigan filmlarga "Oskar" berilmasligiga izoh berdi. 

"Titanik" muvaffaqiyatiga yaqin orada 20 yil bo‘ladi, film atrofidagi bahs-munozaralar hali tinmaydi. Ko‘pchilik tomoshabinlar film oxirida bosh qahramonlar kema eshigiga birga chiqib, omon qolishi mumkin edi, deb hisoblashadi. 

Ushbu nuqtai nazarni isbotlash uchun 2012 yilda "Afsona buzuvchilar" ko‘rsatuvi mualliflari Jyeyms Kemeronni studiyaga taklif qilishgan va solda Jyek sig‘adigan joy yetarlicha bo‘lganini namoyish qilishgan. 

O‘shanda rejissyor suratga olish maydonida ehtimol haddan ziyod katta taxtadan foydalanganini aytgan, lekin Jyek baribir o‘lishi kerak bo‘lganini ta'kidlagan, chunki ssenariy shunday yozilgan edi. 

The Daily Beast bilan bo‘lgan suhbatda rejissyor ilmiy jihatdan o‘z versiyasini tushuntirishga harakat qildi. 

"Keling, bunday o‘yin o‘ynaymiz: siz Jyeksiz - 2 daraja sovuq haroratli suvdasiz, miyangizda gipotermiya boshlanadi.

"Afsona buzuvchilar" sizdan o‘zingiz va Rouzning nimchasini yechib, solning tagiga uning suv ostiga cho‘kmasligini ta'minlaydigan qilib mustahkamlashni so‘rashadi. Buning uchun siz bir necha daqiqa suv ostida bo‘lishingizga to‘g‘ri keladi. Operatsiya tugashiga yaqin siz hayotdan ko‘z yumib bo‘lgan bo‘lardingiz. Bu ish bermasdi. 

"Eng to‘g‘ri yo‘l yuqori qismingizni suv ustida ushlab, yordam kutish bo‘lgan. Ko‘rsatuvdagi yigitlar ajoyib ekan, ularning shousida tasvirga tushish menga yoqib qoldi, biroq ularning gapirayotgan gaplari mutlaqo "bekorchi gaplar", ularga ishonib bo‘lmaydi", - deydi Kemeron. 

Rejissyor nashr bilan suhbatda nima uchun "Oskar" topshirish marosimi "Titanik" g‘alabasidan keyin o‘z tomoshabinlarini yo‘qotib borayotganiga ham izoh berdi. O‘z vaqtida uning "Avatar"i bosh mukofotlarni kamxarj "Bo‘ronlar hukmdori"ga boy bergandi. 

"Oskar" tarixida bir necha marotaba haqiqatda mashhur filmlar mukofot olgan, lekin Akademiya odatda shunday pozitsiya tutadi: "Odamlar nima ko‘rishi kerakligiga ishora qilish - bizning burchimiz".

Shu tariqa akademiklar odamlar pulini ayamaydigan kartinalarni e'tibordan chetda qoldirishadi. Ular go‘yo tomoshabinlarga "Ha, bu film sizga yoqdi, ammo sizlar mana bunisini sevib tomosha qilishingiz kerak" degandek yo‘l tutishadi. 

Bunday pozitsiya bilan yuqori reytinglarni kutishga hojat yo‘q. Agar siz shunga amal qilsangiz, u holda keyin tomoshabinning siyraklashganidan nolimang", - deydi rejissyor Jyeyms Kemeron.