O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.
Qarorga berilgan rasmiy sharhda aytilishicha, shu kungacha qonun hujjatlarini, jumladan, rasmiy tarqatmalarni tarqatishning yagona mexanizmi va tartibi mavjud emas edi, normativ-huquqiy hujjatlar sharhlarsiz, konsepsiyasiz va boshqa axborot materiallarisiz nashr etilar, davlat organlarining huquqiy targ‘ibot bo‘yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo‘yicha choralar belgilanmagan edi.
Ushbu qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yagona tartibini o‘rnatish, bu sohada prinsipial yangi yondashuvlarni belgilash, yangi qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini tashkil qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish nazarda tutilmoqda.
Yangi qabul qilingan qonunlar, boshqa qonun hujjatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etish va amaliyotda qo‘llash uchun rasmiy tarqatma orqali yuborishning yagona tartibi va muddatlari belgilandi.
Bundan buyon tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini, ijrochilarga yetkazish va aholi o‘rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas'ul bo‘lgan davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida ko‘rsatiladi. Ushbu mexanizm yangi qabul qilingan qonunlarning samarali va o‘z vaqtida ijro etilishini ta'minlashga xizmat qiladi.
Mamlakatda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish, nashr etishni tashkil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini “O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi”da lex.uz saytida joylashtirish bo‘yicha ishlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Adliya vazirligiga normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga tezkor yetkazish vazifasi yuklatilmoqda. Bundan buyon barcha normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga qog‘oz va elektron shaklda Adliya vazirligiga yuboriladi, Adliya vazirligi esa bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni elektron shaklda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilishini ta'minlaydi.
Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi yangi qabul qilingan hujjatlarni Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasiga bir kunlik muddatda joylashtiradi va har hafta O‘zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari to‘plamida e'lon qilib boradi.















