18:56 / 13.02.2017
19980

UzGazOil AYoQShlarining bir qismi «Lukoyl»ga o‘tishi mumkin

Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari (AYoQSh) tarmog‘ini rivojlantirishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Buning uchun kompaniya UzGazOil AYoQShlarining bir qismini egallamoqchi. Bu haqda Podrobno.uz rossiyaliklar kompaniyasi vakiliga asoslanib xabar qildi. 

O‘zbekiston hukumati 9 fevral kuni qabul qilgan «O‘zneftmahsulot» kompaniyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror asosida UzGazOil’ga egalik qiladigan «O‘zbekneftgaz» xoldingi uni qayta tashkil etish yo‘li bilan «O‘zneftmahsulot»ga birlashtiradi.

«Uning bir qismini sotib olish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda», – degan «Lukoyl» vakili.

Bundan oldinroq, ushbu kompaniya Toshkentda, sobiq Chkalov nomidagi aviatsiya zavodi yaqinida joriy haftada ochiladigan ilk AYoQShi (avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi) haqida ba'zi ma'lumotlarni oshkor qilgandi. Bu AYoQShda yuqori sifatli dizel yoqilg‘isi, EURO-5 standartiga muvofiq keluvchi AI-92, AI-95 benzinlari sotiladi.

AYoQShda yonilg‘i quyishdan tashqari, g‘ildiraklarga dam urish, mashina ichini changyutgichda tozalash kabi xizmatlar ko‘rsatiladi. AYoQSh yonida qulay avtoturargoh va minimarket joylashadi. Bu do‘konda mijozlarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, kompaniya ishlab chiqargan moy, avtokimyo vositalari, avtoaksessuarlar va boshqa tovarlar taklif qilinadi.

AYoQShda yo‘lga qo‘yiladigan qo‘shimcha qulayliklar ichida shinam kafe, «mobil qurilmalarni» xizmati ham bo‘ladi. Bu yerda imkoniyati cheklangan odamlarga ham maxsus sharoitlar muhayyo qilinadi. Bundan tashqari, AYoQSh bepul Wi-Fi internet tarmog‘i va mijozlar foydalanishi mumkin bo‘ladigan ikkita planshet bilan jihozlanadi. 

AYoQSh kunbo‘yi ishlashi rejalashtirilgan. Xizmatlar uchun to‘lov ham terminal orqali, ham naqd pul bilan amalga oshiriladi. Benzin narxlari va AYoQShning ochilishi haqida yaqin kunlarda ma'lum qilinadi.

UzGazOil’ni qayta tashkil etish vaqtida aholini neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashni tashkil etish maqsadida, kompaniyaning avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobcha (AYoQSh)lari, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiya (AGTKS)lari «O‘zneftmahsulot»ning balansiga o‘tguniga qadar, UzGazOil o‘z shoxobchalari orqali neft mahsulotlari, siqilgan va suyultirilgan gaz sotishni davom ettirib turadi.

Ayni vaqtda Toshkentdagi aksariyat UzGazOil shoxobchalari Uzbekneftgaz deya qayta nomlangan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bo‘ylab UzGazOil’ning 92ta AYoQShi va 17ta AGTKSi bor.

«O‘zbekneftegaz» rebrendingi: UzGazOil o‘zgarmoqda

Mavzuga oid
Top