Yo‘llar u xoh katta bo‘lsin yoki mahalla ichida joylashgan kichik yo‘l bo‘lsin o‘ziga yarasha ahamiyatga ega hisoblanadi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, har bir yo‘lning o‘z vazifasi bor. Bu, avvalo, inson manfaatlariga xizmat qiladi. Shunday ekan yo‘llarning keng va tekis bo‘lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Ammo joylardagi ayrim yo‘llar shu darajada ta'mirtalab-ki, birinchidan, uning yo‘l sifatida hamon mavjudligi kishini hayron qoldirsa, ikkinchidan ta'mirlanmay yotishi, e'tibordan chetda qolayotgani ajablantiradi. Kun.uz saytiga O‘zbekistonning turli chekkalaridan kelib tushayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilinayotgan ana shu yo‘llarning ayrimlariga e'tiborimizni qaratamiz.

Suv ostida qolayotgan tarix

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Buxoroda joylashgan Niyozquli madrasasi (Chor Minor)ning suv bosgan surati paydo bo‘ldi. U yerlarni yaxshi bilmaydigan kishi obida to‘rt tarafi suv bilan o‘ralgan orolda qad ko‘targan deb faraz qilishi mumkin. Yomg‘irdan so‘ng necha yillik tarixga ega mazkur obidaning tabiiy ofat ostida qolayotgani kishini tashvishlantiradi.

Qo‘shrabotning tutdek to‘kuvchi yo‘llari

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani yo‘llari shu qadar o‘ydim-chuqurki, aholi viloyat markaziga borib kelguncha tutdek to‘kilmoqda. Saytimiz orqali bu haqida maqola e'lon qilgan edik. Xabarda aytilishicha, “Respublika yo‘l jamg‘armasining yo‘lni ta'mirlab berish haqidagi yoqimli va'dalari ham qog‘ozda qolib ketgan”. Qayd etilishicha, Yo‘l jamg‘armasiga pul to‘layotgan odamlarning sabr kosasi to‘lgan va mutasaddilardan amaliy ishni talab qilishmoqda.

Namunaviy arig‘i bo‘lmagan namunaviy ko‘cha