Jahon | 11:07 / 27.02.2017
9702
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti muxolifat yetakchisining qo‘lga olinishini quvg‘in deb atadi

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Roza Otunboyeva parlamentdagi muxolif “Ata Meken” partiyasi yetakchisi Omurbek Tekebayevning qo‘lga olinishini siyosiy quvg‘in, deb atadi hamda uni darhol ozod etishga chaqirdi. Qirg‘iziston OAVlari dushanba kuni uning bayonoti haqida xabar berishdi.

Tekebayev Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtinchalik saqlash izolyatorida o‘ziga nisbatan sudning ehtiyot chorasi ko‘rish haqidagi qarorini kutmoqda. U Bishkek aeroportida Venadan YeHXT parlament assambleyasidan qaytayotgan chog‘ida yakshanba kuni qo‘lga olindi. Avvalroq respublika bosh prokuraturasi Tekebayev va bir qator boshqa shaxslarga nisbatan “korrupsiya” va “firibgarlik” moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu holat rossiyalik tadbirkor Leonid Mayevskiyning arizasidan so‘ng amalga oshdi. Mahkama ma'lumotlariga ko‘ra, u Tekebayev 2010 yilda, Qirg‘iziston vaqtinchalik hukumati raisi o‘rinbosari bo‘lgan paytda undan million dollarni yirik mahalliy uyali operator - “Alfa Telekom”ni boshqarish imkonini taqdim etish maqsadida olganini iddao qilmoqda. Mayevskiy ishtirok etgan so‘roq videosi internetda tarqaldi.

"Jo‘gori Kenesh deputati, davlat arbobi, “Ata Meken” fraksiyasi yetakchisi Tekebayevning samolyot trapi yonida xuddi xavfli terrorchi kabi qo‘pol ravishda qo‘lga olinishi, mamlakatdagi hukumatning ortga qaytarib bo‘lmas o‘zgarishidan dalolat berdi. Siyosiy quvg‘in nafaqat hibsga olishning o‘zi, balki shaxsni obro‘sizlantirish bo‘yicha targ‘ibot mashinasining qanday ishlayotgani hamdir. Ishonchsiz guvohlarning ko‘rsatmalari davlat OAVlari orqali keng omma ongiga singdirilmoqda. Bu aybsizlik prezumptsiyasini butunlay mensimaslik”, - deya ta'kidlanadi 2010 yilda sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev hokimiyat tepasidan ag‘darilganidan so‘ng Qirg‘iziston vaqtinchalik hukumatini boshqargan Otunboyeva bayonotida.

Otunboyevaning fikricha, Tekebayev Qirg‘izistonning demokratik rivojlanishiga “bebaho hissa qo‘shgan bo‘lib”, 20 yil davomida “hayotini xavf ostiga qo‘yib boshqaruvning oilaviy-guruh shakliga qarshi kurashgan”. “Jamoatchilik Omurbek Tekebayevni darhol ozod etilishi hamda siyosiy ta'qiblarni to‘xtatishni haqli ravishda talab qilmoqda”, - deya ma'lum qildi u.

Sobiq prezident prezidentlik saylovlaridan avval barcha siyosiy kuchlarni “fuqarolik majburiyati, hushyorlik va vazminlikni” namoyish etishga, hukumatni esa – aql va javobgarlikka chaqirdi. “Barcha siyosiy kuchlarga umumiy muloqot, mamlakatdagi vaziyatni tahlil qilish uchun keng qamrovli siyosiy maslahatlashuvlarni boshlash bilan murojaat qilmoqdaman”, - dedi Otunboyeva.

RIA Novosti’ning "Ata-Meken" partiyasiga asosan xabar berishicha, Qirg‘iziston parlamentida ayni damda muxolifat yetakchisi qo‘lga olinishi yuzasidan palataning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirish haqidagi fraksiya taklifi muhokama qilinmoqda.

Mavzuga oid