Futbol shunaqa o‘yin. Unda hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Agar bu ishni amalga oshirmoqchi bo‘lsangiz, kechagi kabi «Barselona» sizni uyaltirib qo‘yishi mumkin. Bunday uchrashuvlar futbol tarixida juda ko‘p kuzatilgan. Tribuna.Uz dramatik ssenariylar asosida kechgan uchrashuvlarni eslab o‘tadi.

9) «Nyukasl» – «Arsenal» 4:4 (0:4)
Angliya premer-ligasi, 2014 yil 5 fevral

«Qarg‘alar» uchrashuvgacha asosiy hujumchisi Endi Kerrolni sotib yuborgan, yana bir hujumchi Shola Ameobi esa jarohati sabab o‘yinga tusha olmagandi. Mezbonlar qandaydir 10 daqiqa ichida uchta to‘p o‘tkazib yuboradi. 26-daqiqaga kelib esa hisob nyukaslliklar uchun qo‘rqinchli ko‘rinish oladi — 4:0. Ammo hammasi tugadi degani emasdi.

«Arsenal» uchun barchasi Abu Diabining qizil kartochka olishidan boshlanadi. O‘zining jirkanch harakatlari bilan mashhur Joui Barton Diabini o‘z xiylasiga o‘ynatadi. O‘n kishi bo‘lib qolgan «Arsenal» esa butunlay o‘yin tizginini qo‘ldan chiqarib yuboradi. O‘sha bezori Joui Bartonning o‘zi ikki marta penaltidan gol uradi, shuningdek Leon Best va Sheyx Tiote tomonidan kiritilgan gollar futbol tarixidagi eng esda qolarli o‘yinlardan birining tarixga kirishiga sababchi bo‘ladi.

8) «Fulhem» – «Yuventus» 4:1, umumiy hisob 5:4
Yevropa ligasi, 1/8 final, javob uchrashuvi, 2010 yil, 18 mart

Matematik jihatdan o‘ta murakkab vaziyat. Londonning «Fulhem» jamoasi o‘shanda yevrokuboklarda bor-yo‘g‘i ikkinchi marta ishtirok etayotgandi. Turinda jamoa «Yuventus»ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy beradi — 1:3. Londonda esa ikkinchi daqiqadayoq David Trezege tomonidan kiritilgan gol evaziga farq uchta to‘pgacha oshadi. Bir qarashda endi ingliz jamoasi uchun umid qolmagandi. 

Ammo barchasi tumanli albionliklar uchun ertakdek yakunlanadi. Avvaliga Bobbi Zamora, keyinchalik Zoltan Geraning sa'yi-harakatlari evaziga «Fulhem» ikkala uchrashuvdagi muvozanatni tiklaydi. O‘yinning so‘nggi qismiga kelib o‘sha paytda «Fulhem» bosh murabbiyi bo‘lgan Roy Hojson himoyachi Kelli o‘rniga Klint Dempsini maydonga tushiradi. Oradan 11 daqiqa o‘tib, amerikalik futbolchi kamtargina «Fulhem» tarixiga zarhal harflar yozilgan natija qayd etilishiga o‘z goli bilan hissa qo‘shadi.