Ko‘cha yoqasida joylashgan tomorqasida yer ag‘darib turgan Matrayim tog‘a oldiga kelib to‘xtagan mashinadan tushib kelayotgan, po‘rim kiyingan kishini ko‘rib, qo‘shnilardan birinikiga mehmon keldi, shekilli, deb ko‘nglidan o‘tkazdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

- Assalomu alaykum, aka. Burjoq qishlog‘imi?
- Ha-ha, keling mehmon! Sizga kim kerak edi?
- Qahramon tabibning uyini izlab kelayapmiz. O‘g‘lim xasta, - dedi ma'yus tortib haligi kishi. – Kim dedingiz? Qahramon tabib... tabib.., - biroq o‘ylanib qoldi Matrayim tog‘a. – Tabibligini bilmadim-u, ammo hov narigi hovli traktorchi Qahramonning uyi.

Matrayim tog‘a o‘yga toldi: “Yo tavba! Qahramon traktorchi kecha qo‘llari moyga botib yurgan edi-ya... Bugun bir yumalab, tabib bo‘lib qolibdi... Oyog‘i bilan davolarmish, deng. Yo, tavba...”

Noyob xislat...

Olot tumani Burjoq qishlog‘ida karomatgo‘y, avliyosifat tabib chiqibdi. U devlari, parilari yordamida har qanday kasalni davolarmish, degan uzuq-yuluq mish-mishlar nafaqat Buxoro viloyati, balki butun respublika bo‘ylab, hatto qo‘shni Qozog‘iston, Turkmaniston tomonlarga ham tarqalib ketdi. Mashinalar oqimi bir zumda to‘xtamaydi. Dardmand ko‘p... Kimdir onasini, yana birov farzandini, boshqasi yaqin kishisini davolatish uchun Qahramon tabibga olib kelaverdi. Bir oy oldin o‘rtahol yashab turgan bu xonadon ko‘p o‘tmay bemorlar ostonasida navbat kutib turadigan najot maskaniga aylanib, shohona tus ola boshladi.

Fursatdan foydalangan traktorchi tabib biroz bosh qotirib, o‘zining “usul”ini topdi. Sodda odamlarning ishonchiga kirib olish uchun targ‘ibot ishlarini yo‘lga qo‘ydi. Bir kunda 130 nafar bemorni qabul qilsa, 300 kishiga o‘zining “noyob” xislatlarini isbotlovchi g‘irt yolg‘on ma'lumotlarni tarqatib, go‘yo o‘zini bepul xizmat qilayotgandek qilib ko‘rsata boshladi. Achinarlisi, u turmush o‘rtog‘i G.Po‘latova, o‘g‘li V.Po‘latov, qizi Sh.Po‘latova hamda hamshiralar D.Salimova, N.Navro‘zova, N.Tog‘ayevalarni ham o‘ziga sherik qilib oladi.

Qaltis yo‘l

Qahramon Po‘latov 2011 yil oxiridan 2016 yilning 16 may kuniga qadar respublikaning barcha viloyatlaridan davolanish maqsadida kelgan fuqarolarga yashash uyida tibbiy xizmat ko‘rsatish va umumiy ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilib, bir kunda 130 nafar bemorni qabul qiladi. Ularning har biridan kuniga 10 ming so‘mdan pul olib, 2012 yildan 2015 yilgacha 1 mlrd. 872 mln. so‘m, 2016 yil 13 aprel – “Po‘latov Qahramon Ziyonur” xususiy korxonasini tashkil qilguniga qadar esa 131 mln. so‘m, jami 2 mlrd. 3 mln. so‘m noqonuniy daromad topadi.