10:33 / 13.03.2017
10871

O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatiga turli imtiyozlar taqdim etish rejalashtirilmoqda

So‘nggi yillarda farmatsevtika sanoatida mahalliy dori ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida qator choralar ko‘rilmoqda. 2010 yildan beri sohada 501,9 mln dollar sarmoya o‘zlashtirilgan, shundan 135,6 mln dollari to‘g‘idan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir. 99ta yangi sanoat inshootlari barpo etildi. Natijada mahalliy dori-darmonlarning farmatsevtika bozoridagi ulushi 55 foizdan oshdi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan 2 mingdan ortiq dori vositalari ishlab chiqariladi, ularning mahalliylashtirish darajasi 62 foizni tashkil etadi.

Biroq, bular yetarli emas. Shunga ko‘ra, O‘zbekistonda mahalliy farmatsevtika sanoatini jadallik bilan rivojlantirish bo‘yicha qonuniy asoslarini takomillashtirish borasida ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining «Respublika farmatsevtika sanoatini jadallik bilan rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha choralar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi shular jumlasiga kiradi. U me'yoriy-huquqiy hujjatlar portalida muhokama uchun e'lon qilingan. 

Qaror loyihasiga muvofiq, dori-darmonlar, mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan tibbiy ahamiyatga molik anjomlar va yordamchi materiallarni ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub'yektlarini 2021 yil 1 yanvariga qadar Respublikada ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalar, materiallar, butlovchi jihozlar va ehtiyot qismlarni respublikaga olib kirishda bojxona to‘lovlaridan (bojxona ro‘yxati uchun to‘lovlardan tashqari) ozod qilish rejalashtirilgan. 

O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo va yordamchi materiallarga ham shunday imtiyozlar qo‘llaniladi. Bunda, ushbu olib kirilayotgan mahsulotlar Davlat ro‘yxati asosida ishlab chiqariluvchi dori vositalari va tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarishda foydalanilishi kerak. 

Ushbu farmatsevtika korxonalari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda Davlat ro‘yxati asosida ishlab chiqariluvchi dori vositalari va tibbiyot anjomlarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan xom ashyo va yordamchi materiallar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i va aksiz solig‘idan ham ozod etiladi. 

Loyihada mazkur sohaning kichik korxonalariga 2017 yil 1 aprelidan boshlab ishchi-xizmatchilari sonini soliq toifalashuvini o‘zgartirmasdan 200 nafarga yetkazishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, Moliya vazirligiga davolash muassasalari tomonidan Respublikada ishlab chiqarilgan hamda ijtimoiy ahamiyatga molik tibbiy anjomlar va dori vositalarining ro‘yxatiga kiritilgan tibbiy anjomlar va dori vositalarining chet elda ishlab chiqarilgan namunalarini xarid qilish bo‘yicha bitimlarni ro‘yxatga olishni bekor qilish vazifasini topshiradi. 

O‘zbekiston Markaziy banki vakolatli tijorat banklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo va yordamchi materiallarni import qilish uchun zarur bo‘lgan mablag‘larni shu haqdagi ariza kelib tushganidan 90 kundan kechiktirmasdan konvertatsiya qilishi kerak bo‘ladi. 

Top