O‘zbekiston | 15:45 / 13.03.2017
18298
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilish tartibi bo‘yicha xabarga aniqlik kiritdi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Hazrati Imom majmuasiga ayollar kalta kiyimda va ro‘molsiz kirmasligi tavsiya qilingani haqidagi xabarga munosabat bildirib, bunday ma'lumotni rad etdi. 

Bundan oldinroq  O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilish tartibini ishlab chiqarilgani haqida xabar bergan, unga ko‘ra majmua hududiga ayollarga kalta liboslarda va bosh kiyimsiz kirmaslik tavsiya etilgandi.

Endi aniqlik kiritilishicha, bu majmua hududidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi — muqaddas Qur'oni Karim joylashgan muzeyga ayollar boshini ro‘mol yoki sharf bilan o‘ragan holda kirishi tavsiya etilgan. Ziyoratchi ayollar ham boshiga ro‘mol yoki sharf tashlab olishi tavsiya qilinadi. Shuningdek, muzey hududida baland ovozda gapirmaslik, bahslashmaslik, video yoki fotoga olmaslik so‘raladi.

Hazrati Imom majmuasi hududida esa chekish, spirtli ichimliklar iste'mol qilish, maysazorda yurish, gullarni uzish, skeytbord va rolikda uchish, velosiped haydash kabi harakatlar taqiqlanadi.

Muzey sayyohlik mavsumida — 1 martdan 30 iyunga qadar, shuningdek, 1 avgustdan 30 noyabrgacha shanba va yakshanba kunlari ham soat 9:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi. 

Mavzuga oid