O‘zbekiston | 17:05 / 14.03.2017
9379
2 daqiqa o‘qiladi

General Electric vitse-prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik maktubini yo‘lladi

General Electric (Ge) vitse-prezidenti va bosh ijrochi direktori Ronald J.Pollett O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorchilik maktubini yo‘lladi. Unda 2017 yilning 1 martida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuv uchun tashakkurnoma bayon qilingan. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Ge o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilingan va  energetika, neft-gaz, transport, sog‘liqni saqlash va aviatsiya sohalaridagi istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olingan. 

"Bizning O‘zbekistondagi kompaniyamiz faoliyatiga yuksak baho berilgani uchun chuqur minnatdorchiligimni bildiraman va ishonchim komilki, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va General Electric tomonidan imzolangan Anglashuv Memorandumi bizning munosabatlarimiz rivoji tarixida yangi davrni boshlab beradi", - deyiladi maktubda. 

Yuqorida qayd etilgan Memorandum asosida yaratilayotgan ishchi guruhlar ikki tomon hamkorligiga muntazamlik baxsh etishi ta'kidlangan. Shuningdek ularning mamlakat iqtisodiyotining tezkorlik bilan rivojlanishi va O‘zbekistonga texnologiyalar hamda investitsiyalar kiritishga turtki berishi qayd etilgan.

General Electric vitse-prezidenti O‘zbekiston va Ge o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga ishonch bildirgan. 

"Yuqorida sanab o‘tilgan sohalardagi noyob tajriba va texnologiyalarga ega kompaniyamiz nafaqat yuqori texnologik uskunalar yetkazib beruvchisi sifatida hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga tayyor, balki global ta'lim resurslari va Ge standartlaridan foydalangan holda mahalliylashtirish, shu jumladan professional o‘quv dasturini amalga oshirish va mahalliy kadrlarni tayyorlash imkoniyatlarini o‘rganishdan ham manfaatdordir", - deb yozadi Ge vitse-prezidenti. 

Maktub so‘nggida General Electric vitse-prezidenti Ronald J.Pollett O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va o‘zbek xalqiga mustahkam sog‘liq, tinchlik va farovonlik tilab qolgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid