O‘zbekiston | 00:22 / 18.03.2017
47576
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bankning jahldor matbuot kotibi yakshanba kuni ishga chiqmoqchi emas

Markaziy Bank Matbuot xizmati rahbari Haydarov Asqar Ernazarovich o‘z vazifasiga layoqatsiz ekanini ko‘rsatib qo‘ydi.

OAV vakillari bilan munosabatlarda o‘zini munosib tuta olmagan kotib, o‘zini kulgili holda qoldirdi.

«Kun.uz» sayti bugun prezidentning 20 mart kunini dam olish kuni deb e'lon qilgani ushbu muassasaning ish tartibiga qanchalik ta'sir ko‘rsatgani xususida ma'lumot olish uchun murojaat qildi.

Bank matbuot xizmati rahbari avvaliga 19 mart kuni odatdagi kabi dam olish kuni bo‘lishini ma'lum qildi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning tegishli farmoyishiga ko‘ra bank tizimi, moliya hamda soliq idoralarining ayrim xodimlari 18, 19, 25 va 26 mart kunlarida qonunchilikda belgilangan tartibda ishga jalb etilgan. Bu farmoyish tegishli muassasalarga 16 mart kuni kechqurun kelib tushgan.

Sayt vakili bu ma'lumotga ega bo‘lganidan keyin bank matbuot xizmatiga yana shu borada murojaat qildi. Xodim esa muloqot vaqtida o‘zini o‘ta yomon tutdi va undan bu haqda ortiq so‘ramaslikni so‘radi. U bu vaqtda hamon yakshanba kunida bank xodimlari ishga chiqmasligini ta'kidlashda davom etdi.

«Nima keragi bor shu gaplarning. Mening boshimni og‘ritmang. Menga hech qizig‘i yo‘q. Men masalan yakshanba kuni dam olaman. Yakshanba dam olish kuni», dedi matbuot kotibi.

Undan «19 mart kuni bankda dam olish kuni, shundaymi?», deya takroran so‘ralganida «ha» javobi eshitildi va trubka qo‘yib qo‘yildi.

Ushbu suhbat yozib olingan.

«Kun.uz» Markaziy bankdagi matbuot xizmatidagi holatdan taajjublanish bildiradi. Sayt tahririyati matbuot xizmatining qo‘pol muomalasidan emas, uning o‘z vazifasini bajarmayotgani, o‘z ixtiyoridagi ma'lumotni yashirib, hatto yolg‘on ma'lumot berganidan norozi.

Tahririyat bank rahbariyati ushbu vaziyatni o‘rganib chiqib, tegishli chora ko‘rishi hamda bu haqda rasman ma'lum qilishiga umid bildiradi.

Mavzuga oid