2017 yilning 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining qo‘mitaning 2016 yildagi faoliyati haqidagi hisoboti dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar bermoqda.
Majlisda Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimlari, manfaatdor vazirliklar va idoralar vakillari, tabiatni muhofaza qilish hududiy qo‘mitalarining rahbarlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ta'kidlanganidek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2016 yildagi faoliyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalarini bajarishga, qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasidagi davlat nazoratini kuchaytirishga, mamlakatdagi ekologik holatni sog‘lomlashtirishga qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 1 aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2015 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi qarorini ta'minlashga doir tadbirlarni ro‘yobga chiqarishga alohida e'tibor qaratildi.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirish maqsadida aloqador vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda 6 ta qonun loyihasining yangi tahriri, Vazirlar Mahkamasining 10 dan ortiq qarori tayyorlangani va shundan 8 tasi qabul qilingani qayd etildi. Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganligi uchun 18 270 dan ziyod mansabdor shaxs va fuqaro ma'muriy javobgarlikka tortildi, 2 400 dan ortiq obektga da'vo xati kiritildi, 4,13 mlrd. so‘m undirildi. 2015 yil bilan taqqoslaganda davlat byudjyetiga o‘tkaziladigan pul mablag‘larining hajmi 22 foizga ko‘payib, 12,7 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

2016 yilda ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari xizmatlar, ekologik xavfli chiqindilarni va mahsulotlarni olib kirish hamda olib chiqish uchun 3 860 dan ortiq ekologik sertifikat berildi. 27 500 ta loyiha davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazildi, 3 350 dan ortiq ekologik norma belgilandi. 2 960 dan ortiq loyiha tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga mos kelmaganligi tufayli takomiliga yetkazish uchun qaytarib yuborildi.














