Jamiyat | 16:44 / 04.04.2017
15970
3 daqiqa o‘qiladi

Mutasaddi tashkilotlar befarqligi yoki Samarqanddagi “Kamolot uyi” muammolari

Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanining Go‘zalkent shaharchasi "Kamolot uyi"da yashovchilar turli qiyinchiliklarga duch kelishmoqda. Muammolar haqida "Zarafshon" gazetasida maqola e'lon qilindi.

Go‘zalkent shaharchasida 2015 yilda foydalanishga topshirilgan "Kamolot uyi"da 64 ta yosh oila yashaydi. Turli sohalarda faoliyat yuritib, yuqori natijalarga erishgan yoshlarga bunday imkoniyat yaratilgandan barcha quvongandi. Ammo hozir yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tganlarning muammolari bir talay. Shu muammolar yuzasidan yosh oilalar har ikki-uch kunda pul yig‘ishga tushishadi.

– Yarim yildirki, biz yashayotgan ko‘pqavatli uyning oqova to‘planadigan maxsus joyi 15-20 kunga bormasdan to‘lib-toshadi, – deydi "Kamolot uyi"da yashovchi Abdumurod Safarov. – Ana shu holat bo‘yicha tuman hokimligiga ikki bora yozma va og‘zaki murojaat qildik. Lekin natija bo‘lmayapti. 

Uyda istiqomat qilayotganlarning eng katta muammosi – xonadonlardan chiqayotgan oqova suvning kichik xandaqda tez to‘lib qolayotgani. O‘tgan vaqt mobaynida oilalar bir necha marta pul yig‘ib, maxsus mashina chaqirishdi. Har gal 10-15 mashina chiqindi olinayotgani uchun 700-800 ming so‘mdan pul yig‘ib berishyapti. Lekin bu bilan xandaqdagi chiqindi hajmi kamaygani yo‘q.

– Har kuni ishdan qaytishim bilan "Yana pul yig‘yapmiz", deb qo‘shnilar chiqishadi, – deydi shu uyda yashovchi Husan Suyarov. – Chiqindi beton qopqoqdan tosha boshlaydi. Uy oldidagi beton qoplama namlikdan cho‘kkan, yomg‘ir suvlari yerto‘laga oqadi. Qo‘ni-qo‘shni bilan suhbat mavzusi shu. Bu yerda yashayotganlarning ko‘pchiligi oylik ish haqlarining katta qismini kreditga to‘lashadi. Yana bu "yig‘-yig‘lar". 

Mavjud muammo yuzasidan o‘tgan yilning noyabr oyidan buyon bir necha bor mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilindi. Murojaat yuzasidan kelgan vakillar esa odatdagidek quruq gapdan nariga o‘tmayapti. Amaliy yordam yo‘q. Nahotki, bu masalaning yechimi bo‘lmasa, deya yakun yasaladi maqolaga.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid