Odil Ahmedovning «Futbol» haftanomasiga bergan intervyusining uch qismi bilan tanishgandingiz. Tribuna.Uz intervyuning so‘nggi qismini e'tiboringizga havola etadi. Unda Ahmedov Rossiyadagi sobiq jamoalari «Krasnodar», «Anji» va Samuel Eto‘Oning jamoadagi o‘rni haqida gapirib o‘tgan.
— «Krasnodar»ga har doim oxirgi daqiqalarda nimadir yetishmay qolardi. Siz nimaga shunaqa bo‘lishini tushunib yetganmidingiz?
— Jamoa ruhiy jihatdan unchalik kuchli emas. Menimcha, «Krasnodar»ga haqiqiy chempion xarakteridagi murabbiy kerak. Jamoa mag‘lubiyatga uchraganidan keyin futbolchilarning jangovar ruhini ko‘taradigan va qiyin vaziyatlarda ularni qo‘llab-quvvatlaydigan murabbiy bo‘lishi kerak.
— Masalan?
— Ishlagan murabbiylarim ichida — shubhsiz Hiddink. Yoki Boash. Uni «Shanghay» futbolchilari bilan qanday gaplashayotganini kuzataman va ko‘raman: hamma murabbiy uchun jang qilishga tayyor turishadi. U ajoyib ruhshunos.
— Kononov unaqa emasmidi?
— Jamoa yutqazganda, Kononov yigitlarni ruhiy tomondan kayfiyatini ko‘tara olmasdi. Uning ikkinchi yilgi faoliyatida biz juda sifatli futbol ko‘rsatgandik va haqiqatan ham Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun da'vogarlik qilgandik. Ammo mavsum so‘nggida ortiqcha asabbuzarliklardan keyin o‘yinimizda pasayish kuzatildi va imkoniyatni boy berdik.
— Balki jamoaga haqiqiy lider futbolchi, masalan o‘zining Roy Kini yetishmayotgandir?
— Jamoada aynan shunday yetakchi bor — Pasha Mamayev. Maydonda u haqiqiy yetakchi. Eng muhim gollarni urishi, asosiy uzatmalarni amalga oshirishi mumkin. Afsuski so‘nggi paytlarda u ko‘p jarohat olmoqda. O‘ylashimcha, Pashaning yo‘qligi o‘tgan yilda «Krasnodar»ning natijalariga jiddiy ta'sir o‘tkazdi.
— To‘rtinchi o‘rin yomon natijami?
—Hozir jamoa o‘yinlarini yaxshi kuzata olmayapman, ammo tanishlarim aytishyaptiki: unchalik yaxshi chiqmayapti. Hozirgi «Krasnodar» butunlay boshqa futbol namoyish etmoqda, jamoa hamon Oleg Kononov qurgan davrdagi poydevor bilan ushlab turilibdi. Hozirgi murabbiy bilan kelgusi mavsumda nima bo‘lishi – katta so‘roq ostida. Har qanday vaziyatda ham «Krasnodar»ga faqat muvaffaqiyatlar tilayman. Sergey Nikolayevich Galitskiy Rossiya futboli uchun juda ko‘p narsa qildi. Uning jamoasi mamlakatda chempion bo‘lishi va Yevropa Ligasi finaliga chiqishga loyiq. Jamoadan ketishim aniq bo‘lganida birinchi navbatda Sergey Nikolayevich bilan aloqaga chiqdim va unga barchasi uchun minnatdorchilik bildirdim. Aynan u meni Krasnodarga taklif qilgandi. Unga o‘yinim yoqishini bilardim. Shunday inson bilan birga ishlash yoqimli edi.














