18:14 / 30.04.2017
4770

«Manchester Yunayted» «Suonsi» bilan durang o‘ynab, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirdi

Angliya chempionatining 35-turi doirasida «Manchester Yunayted» «Suonsi»ni qabul qildi. Uchrashuvda 1:1 hisobidagi durang natija qayd etildi.

Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida hakam mehmonlar darvozasiga shubhali penalti belgiladi va uni Ueyn Runi aniq amalga oshirdi. 79-daqiqada uelsliklar jamoasi yetakchisi Sigurdsson hisobni tenglashtiruvchi gol muallifiga aylandi. O‘yinda shu hisob saqlanib qoldi.

Bu Mourino boshqaruvidagi jamoaning ketma-ket 25 uchrashuvni mag‘lubiyatsiz o‘tkazishi bo‘ldi. Shu uchrashuvlarning 14tasida durang qayd etilgan.

«Mankunianlar» so‘nggi bor 2016 yilning 23 oktabr kuni «Chelsi»dan 0:4 hisobida mag‘lubiyat qabul qilib olgandi. 

Endilikda «Manchester Yunayted» 65 ochko bilan turnir jadvalining beshinchi pog‘onasida, «Suonsi Siti» 32 ochko bilan 18-o‘rinda qolmoqda.

Angliya chempionati
35-tur
Manchester Yunayted – Suonsi 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 45, penalti Runi, 1:1 – 79 Sigurdsson.
Manchester Yunayted – De Xea, Blind, Bayi (Darmian, 61), Shou (Valensiya, 9), Yang, Lingard, Errera, Kerrik, Reshford, Runi (Mxitaryan, 80), Marsiyal 
Suonsi – Fabianski, Noton, Fernandes, Mouson, Kingsli, Ki Son Yen (Fer, 61), Kerroll, Britton (Montero, 65; Olsson, 72), Sigurdsson, Lorente, Ayyu.
Ogohlantirishlar: Britton (15), Marsiyal (18), Lingard (44), Fernandes (89).

Top