Bugungi kunda oliy ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko‘rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratish oliy ta'lim muassasalarining ustuvor vazifalari hisoblanadi. 

Shu nuqtai nazardan, Toshkent davlat agrar universitetida ham talabalarning olgan nazariy bilimlarini ishlab chiqarish bilan o‘zaro bog‘lash maqsadida qishloq xo‘jaligi tarmoqlari (paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, o‘simliklarni himoya qilish, pillachilik, meva-sabzavotchilik, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash)da amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarning mavsumiyligini, qishloq xo‘jalik ekinlarining rivojlanishini inobatga olib bakalavriat ta'lim yo‘nalishlarining 1-3 kurs talabalari uchun Davlat ta'lim standartlari hamda o‘quv jarayoni jadvalida belgilangan bir haftalik o‘quv-tanishuv va ishlab chiqarish amaliyotlari Toshkent viloyati Quyi-Chirchiq tumanidagi paxtachilik, g‘allachilik, choravachilik, ipakchilik, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida, biolaboratoriyalarda va mashina traktor parklarida olib borilmoqda.

Talabalarni amaliyotlarni korxona, tashkilot, ilmiy-tadqiqot muassasalari va fermer xo‘jaliklaridan tashqari universitetning o‘quv tajriba va ilmiy-tadqiqot stansiyasida ham olib borishlari uchun talabalarga barcha shart-sharoitlar yaratilgan va bugungi kunda talabalar amaliyotlarini o‘tab kelishmoqda.