2017 yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani 30 daqiqada olishga imkon beruvchi, biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan noyob milliy tizimi ishga tushirildi. Yangi tizim ishga tushirilganidan boshlab bir oy mobaynida uning yordamida 21 mingdan ortiq tadbirkorlik sub'yekti ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shundan 7,5 foizi onlayn tarzda. Bu haqda Kun.uz'ga BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Halqaro tadqiqotlar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish shartlarini soddalashtirish iqtisodiy o‘sish va bandlikni oshirishini e'tirof etadi. Bu ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari pasaytirilgan taqdirda bozorga ko‘proq firmalarning kirib kelishi, ko‘p sonli firmalarning saqlanib qolishi va o‘sishi, yangi firmalar raqobatni shakllantirishi bilan bog‘liqdir, pirovard natijada ishlab chiqarish samaradorligining oshishi va bozorda mavjud bo‘lgan firmalarga investitsiyalarni o‘sishiga olib keladi.
Real vaqt rejimida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish mexanizmining joriy etilishi davlat xizmati ko‘rsatilishining erkinligi, oshkoraligi va sifatini ta'minlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekiston Biznes forumi (III-bosqich)» loyihasi ko‘magida respublikada birinchi marotaba to‘la-to‘kis tranzaksiyalangan davlat xizmati joriy qilinganligini alohida ta'kidlab o‘tish lozim. Yangi tartib faoliyati o‘laroq tartibotlar soni sezilarli darajada qisqartirildi, vaqt va moliyaviy sarflar kamaytirildi.
Bugungi kunda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishda taqdim etiladigan hujjatlar soni 6 tadan amalda 1 tagacha qisqartirildi, ya'ni faqat ariza talab qilinadi va unda ko‘rsatilgan ma'lumotlardan ta'sis hujjatlari generatsiya qilinadi (topshirish-qabul qilish dalolatnomasi va taqsimlash balansi taqdim etilishi lozim bo‘lgan qo‘shib yuborish, birlashtirish, ajratib chiqarish hamda bo‘lish holatlari bundan mustasno). Yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) uchun zarur bo‘lgan hujjatlar soni 7 tadan 1 tagacha qisqartirildi, ya'ni faqatgin ariza taqdim etish lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, biznesni Internet orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish shaxsan kelgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishga nisbatan bir qator ustunliklarga ega.
• Birinchidan, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga qog‘oz ko‘rinishidagi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qoladi, natijada arizachilarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazishga davlat bojini to‘lash uchun bank kassasiga shaxsan tashrif buyurish zaruriyatidan xalos etadi, bu esa arizachilarning bilvosita sarf-xarajatlarini kamaytiradi.
• Ikkinchidan, hujjatlar Internet orqali onlayn topshirilganda biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, shu jumladan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojlari stavkalari shaxsan tashrif buyurgan holatga nisbatan ikki barobar kam qilib belgilangan.
















