15:31 / 28.05.2017
24626

“Barkamol avlod - 2017”: kutilmagan natijalar, qizg‘in bahslar va g‘olib jamoalar

Foto: O‘zA

27 may Jizzax shahrida 25 – 27 may kunlari  bo‘lib o‘tgan «Barkamol avlod – 2017» sport o‘yinlarining tantanali  yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

25 may kuni start berilgan “Barkamol avlod — 2017” o‘yinlarida O‘zbekistonning barcha hududlaridan 898 nafar sportchi qatnashdi.

 “Kichik olimpiada” nomini olgan musobaqada sportning 17 turi – basketbol, voleybol, futbol, qo‘l to‘pi, shaxmat, og‘ir atletika, boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, yunon-rum kurashi, suzish, yengil atletika, tennis, stol tennisi, badminton va badiiy gimnastika bo‘yicha bellashuvlarda litsey va kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari ishtirok etdi. Sportchilar 193 oltin, 193 kumush va 214 bronza medali uchun bahs olib borishdi. Jizzax shahriga sportchilar bilan birga 236 nafar murabbiy kelgan bo‘lib, bellashuvlarni 159 nafar hakam baholab bordi.

"Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari yuzdan ortiq ommaviy axborot vositalari xodimi tomonidan muntazam yoritib borildi. Internet tarmog‘ida ochilgan www.barkamol-avlod.uz saytida bellashuvlar haqida ma'lumotlar, fotolavhalar, o‘zbek, rus, ingliz tillarida berib borildi.

“Barkamol avlod-2017” sport o‘yinlarida 180 ochko to‘plagan Samarqand viloyati jamoasi umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi. Samarqandlik sportchilar Uchinchi darajali diplom, maxsus kubok hamda Prezident sovg‘asi “Damas” avtomobili bilan taqdirlanishdi.

188 ochko to‘plagan Andijon viloyati jamoasi umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Andijonlik sportchilarga Ikkinchi darajali diplom, maxsus kubok hamda Prezident sovg‘asi “Damas” avtomobili topshirildi.

“Barkamol avlod-2017” sport o‘yinlarida 248 ochko to‘plagan Toshkent shahri jamoasi umumjamoa hisobida musobaqa g‘olibiga aylandi. Poytaxt sportchilari Birinchi darajali diplom, “Barkamol avlod” sport musobaqasi ishtirokchilariga yo‘llagan Prezident tabrigining asl nusxasi hamda Prezident sovg‘asi “Damas” avtomobili bilan taqdirlandi. 

Bahslarda alohida mahorat ko‘rsatgan bir guruh o‘quvchi-sportchilar maxsus sovrinlarga sazovor bo‘ldi.

Musobaqaning yopilish marosimida «Barkamol avlod – 2017» sport o‘yinlarining bayrog‘i tushirildi. Uni jizzaxlik sportchilar akademik litsey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining navbatdagi final musobaqasiga mezbonlik qiladigan Qashqadaryo viloyati vakillariga topshirdi.

“Barkamol avlod – 2017” sport musobaqalarining yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

Mavzuga oid
Top