O‘zbekiston | 18:14 / 29.05.2017
22997
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy attestatsiya komissiyasi 1 iyuldan ilmiy darajalarni berishni boshlaydi

Foto: glsuniversity.ac.in

Vazirlar Mahkamasi 22.05.2017 yilda 304-son «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi, deb yozadi Norma.uz.

Hujjat bilan Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limga qo‘yiladigan davlat talablari, Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim to‘g‘risidagi nizom, shuningdek falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) diplomlari hamda dotsent, katta ilmiy xodim va professor attestatlarining davlat namunalari tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 16.02.2017 yildagi 4958-son «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq  O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'limning ikki pog‘onali tizimi ko‘zda tutilgan: falsafa doktori va fan doktori. Bunda o‘qish bazaviy doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchi shakllarida olib boriladi.

Doktoranturaga kirish imtihonlarining suhbatga almashtirilishi muhim yangilik bo‘ldi. Kirish imtihonlari bazaviy doktoranturada saqlanib qolingan.

Bundan tashqari, fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun O‘zbekistonning eng yangi tarixi, chet tili va mutaxassislik bo‘yicha imtihonlar bekor qilingan. Falsafa doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun chet tili hamda mutaxassislik bo‘yicha imtihonlar saqlanib qolingan.

Shu bilan birga, xorijiy materiallarga talablar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan belgilangan chet el jurnalidagi 1 ta ilmiy maqolagacha tushirilgan.

Falsafa doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish “amaliyotga joriy etish uchun natijalarni taqdim etish”ga o‘zgartirilgan. Shu tariqa, fan doktori ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun joriy etish fakti majburiy qilib belgilangan.

OAKga 1 iyuldan boshlab attestatsiya ishlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish hamda izlanuvchilarga falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalari berishni ta'minlash topshirilgan.

Mavzuga oid