Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, Birlashgan Arab Amirliklari, Liviya va Yaman mamlakatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishdi. Bu Qatar iqtisodiyoti va ushbu mamlakatda o‘z biznesini yuritayotganlar uchun qanday ta'sir ko‘rsatishi mumkin? BBC shu haqdagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
Qatar aholisi - atigi 2,7 million kishi, lekin Arabiston yarimorolining shimoli-sharqiy qirg‘og‘idagi bu mamlakatning ta'siri uning kamtarona hajmiga nomutanosibdir.
Qatar o‘zining Qatar Airways milliy aviakompaniyasi, "Al-Jazira" xalqaro telekanali, shuningdek sporti bilan dunyoga mashhur - amirlik Futbol bo‘yicha 2022 yilgi jahon chempionatini qabul qiladi, shu bilan birga jahonning eng mashhur futbol klublaridan biri - "Barselona"ga homiylik qiladi.
Qatarning poytaxti Dohada so‘nggi yillarda ko‘plab osmono‘par binolar qurildi, ularda transmilliy kompaniyalarning idoralari ochildi.
Saudiya Arabistoni va uning ittifoqdoshlari bilan munosabatlarni uzish Qatar uchun bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Reyslar to‘xtatiladi
Abu-Dabidan parvozlarni amalga oshiruvchi Etihad Airways va Dubayda joylashgan Emirates aviakompaniyalari seshanba tongidan boshlab Qatarga amalga oshiriladigan reyslarni to‘xtatadi. Ularning har biri kuniga to‘rt marta Dohaga ikki tomonlama reyslarni amalga oshiradi.
Shuningdek Fly Dubai byudjyet aviakompaniyasi ham ushbu yo‘nalish bo‘ylab parvozlariga chek qo‘yadi, uning ketidan esa Bahraynning Gulf Air va Misrning Egyptair aviakompaniyalari ham reyslarni to‘xtatishi mumkin.
Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr mamlakatlarida Qatar bilan aviaxabarlashuvni to‘xtatish va Qatar samolyotlari uchun havo kengligini yopish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Bu esa Qatar Airways uchun jiddiy ziyon keltiradi. Birinchidan, u Dubay, Abu-Dabi, Ar-Riyod va Qohiraga amalga oshiriladigan o‘nlab kundalik reyslarni bekor qilishiga to‘g‘ri keladi.
Ikkinchidan, yana bir muhim jihat, mintaqadagi havo kengliklarini yopish aviakompaniyani parvozlar yo‘nalishlarini o‘zgartirishga majbur qiladi.
Ko‘plab reyslarning masofasini uzaytirishga to‘g‘ri keladi va bu tashuvchi uchun jiddiy muammo hisoblanadi: bu yoqilg‘i xarajatlarini oshiradi va yo‘lovchilarning noroziligini keltirib chiqarishi mumkin.












