Rossiya prezidenti Vladimir Putin amerikalik kinorejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida NATOga “mos javob”, Ukrainadagi vaziyat, AQSh maxsus xizmatlarining sobiq xodimi Edvard Snouden va Rossiyada demokratiyaning rivoji haqida so‘zlab berdi. Stounning filmi ikkinchi qismi Showtime telekanalida namoyish etildi.
NATOga javob
Putin NATO haqida gapirar ekan, Rossiya alyans xatti-harakatiga strategik muvozanatni saqlash uchun mos javob qaytarishini bildirdi.
"Biz uchun bu yerda ikkita xatar, Rossiya uchun. Birinchisi – bu bizning chegaralarga yaqin yerda raketalarga qarshi mudofaa tizimining joylashtirilishi, ikkinchisi esa – antiraketalarning ishga tushirish qurilmalari bir necha soat ichida zarba raketalarini o‘rnatishga qayta jihozlanishi mumkin. Sharqiy Yevropada, suvda, dengizda, kemalarda o‘rnatiladi, ular O‘rta Yer dengizi hamda shimoliy dengizlarda navbatchilik olib boradi, hattoki Alyaskada o‘rnatishmoqda", - deya ta'kidlab o‘tdi prezident.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hozirgi paytda RQM bilan deyarli butunlay o‘rab olingan.
"Aslida, bu bizning sheriklarning yana bir qo‘pol strategik xatosi, sababi Rossiya bu xatti-harakatlarning barchasiga mos javob qaytaradi, hamda bu yana qurollanish bo‘yicha poygani keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, bizning javob ancha arzonroq bo‘ladi. Texnika qo‘polroq bo‘lishi mumkin, biroq samarali bo‘ladi. Va biz strategik muvozanatni saqlab qolamiz. Muvozanat – bu juda muhim narsa", - deya ma'lum qilgan Putin.
Shuningdek, uning ta'kidlashicha, NATOni kengaytirish va Yevropada RQM tizimlarini joylashtirish Rossiyani bunga javob qaytarishga undamoqda. Putinning fikricha, alyansni kengaytirishni, agarda davlatlar o‘zlarini xavfda ekanliklarini his etishayotgan bo‘lsa, xavfsizlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan o‘zgartirish mumkin edi.
Putinning fikricha, sobiq Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng hamda Eron yadro dasturlardan voz kechganidan keyin, RQMni joylashtirish va alyansni kengaytirishda hech qanday ma'no yo‘q.
"Raketalarga qarshi mudofaa tizimini Yevropada rivojlantirish dasturi keng ko‘lamda davom etmoqda. Kimga qarshi? Demak, bu bizni javob qaytarishga undamoqda", - deya ma'lum qildi Rossiya yetakchisi.
Snouden – irodali inson
Suhbatning seshanba kuni e'lon qilingan qismi katta joyi Snoudenga bag‘ishlandi. Putini uni "irodali" inson, deb atagan.















