Bugungi kunda o‘zbek ziyolilari qanday adabiyotlar mutolaasi bilan band va aynan nima uchun? Aynan mana shunday savollar bilan «Yangi kitob» nashriyoti va ziyouz.uz portali hamkorlikda kichik tadqiqot o‘tkazdi va 120 dan ziyod javob oldi. Ana shu tadqiqot xulosasi ayrim qisqartmalar asosida berilmoqda.

Shukrullo, O‘zbekiston xalq shoiri: — «Bo‘sh qop tik turmas» deganlaridek, yozuvchining ishi faqatgina ijod qilish emas, u muttasil o‘qishi, hayotni o‘rganishi, jahondagi voqea-hodisalardan, adabiy jarayondan boxabar bo‘lishi ham kerak. Hozir faqat kitob mutolaasi bilan  bandman. Akmal Saidning «Hazrati Zangi Ota», Abduqahhor Ibrohimovning «Ruhiy ozuqa maxzani», G‘iyosiddin Xondamirning «Makorim ul-axloq» asarlarini, Halima Xudoyberdiyevaning yangi kitobini o‘qiyapman.

Umarali Normatov, filologiya fanlari doktori, professor: — Men shu kunlarda Xurshid Do‘stmuhammadning «Donishmand Sizif» nomli romanini o‘qiyapman. Bir qarashda asar uchun tanlangan motiv g‘arbcha bo‘lsa-da, romanni o‘qib, chinakam o‘zbekona ruhni his qildim.

Xudoyberdi To‘xtaboyev, O‘zbekiston xalq yozuvchisi: — Oybek domlaning «Bolalik» asarini qayta o‘qiyapman. O‘tkir Hoshimovning «Dunyoning ishlari» kitobi stolimda turibdi. O‘tkir Hoshimovdagi tilning tozaligi, ruhning sofligi menga yoqadi. Deyarli har kuni bolalarga oid kitoblarni o‘qishga, varaqlashga to‘g‘ri keladi. Afsuski, bugungi bolalarimizning kitobxonlik darajasi maqtagulik emas. Ularning so‘z boyligi juda kam, 1200-1300 ta so‘z, xolos…

Jamol Kamol, O‘zbekiston xalq shoiri: — Hozir Shayx Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si tarjimasi bilan bandman. “Mahzanul asror” va “Layli va Majnun” chop etildi. Boshqa dostonlarni ham Xudo xohlasa 2018 yilgacha tamomlamoqchiman.

Erkin Malik